1-martdan gaz narxlari oshirilmaydi
Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etib, to‘lovlar eski tarifda amalga oshirilishini, biroq 1-martdan boshlab qish mavsumida belgilangan ijtimoiy me’yor o‘zgarganini bildirdi.

O‘zbekistonda 1-martdan tabiiy gaz narxi oshirilmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «1-martdan gaz narxi oshdi» mazmunidagi xabarlar asossiz. Narxlar o‘zgarmagan, faqat 1-martdan qish mavsumida amal qilgan ijtimoiy me’yor o‘zgaradi.
Ijtimoiy me’yor o‘zgaradi
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, isitish mavsumida gaz iste’moli bo‘yicha «bazaviy me’yor» 100 kub metrdan 500 kub metrgacha oshirilgan edi. Noyabr–fevral oylarida har oy uchun 500 kub metrgacha, mart–oktabr oylarida esa 100 kub metrgacha «bazaviy me’yor» belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ushbu tartib oktabr–fevral oylarida amal qiladi. Shu sababli 2026 yil 1-martdan 31-oktabrga qadar barcha hududlarda har oy uchun 100 kub metrgacha «bazaviy me’yor» qo‘llaniladi.
Ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya
Shu bilan birga, Prezident qarorlariga muvofiq, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oy kompensatsiya beriladi.
Elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq 150 kVt/soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha ortiqcha sarflangan qismi qoplab beriladi. Ilgari bu imtiyoz faqat qish mavsumida amal qilgan bo‘lsa, hozirda yil davomida taqdim etilmoqda.





