Logo

Toshkent metrosida besh vagonli poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Bugun 16:092 daqiqa

Toshkent metropolitenida tig‘iz vaqtlarda poyezdlar besh vagonli qilinadi va qatnov oralig‘i 2–3 daqiqagacha qisqartiriladi. Shuningdek, avtobuslar qatnovini ko‘paytirish hamda ularning old qismiga qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralar o‘rnatish rejalashtirilmoqda.

Toshkent metrosida besh vagonli poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent metrosida tig‘iz vaqtlarda 5 vagonli poyezdlar yurgiziladi, shuningdek, poytaxtdagi avtobuslar kutish vaqti 3–5 daqiqagacha qisqarishi mumkin. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2026-yil 30-oktabrdagi VII-28-180-14-0-K/26-son qarorida belgilandi.

Hujjatga asosan, 20-noyabrga qadar «Toshkent metropoliteni»ga «Chilonzor», «O‘zbekiston», «Yunusobod» va yer usti halqa yo‘lida poyezdlarni besh vagonli qilib shakllantirish va intervallarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash topshirilgan. Tig‘iz vaqtlar sifatida soat 07:30–09:30, 12:00–14:00 va 17:00–19:30 oraliqlari ko‘rsatilgan.

Yer usti jamoat transportidagi o‘zgarishlar va jamoat nazorati


Qarorga muvofiq, avtobuslarda ertalabki 07:00–09:30 va kechki 17:00–19:30 oralig‘ida asosiy yo‘nalishlarga qo‘shimcha transport chiqarish orqali qatnov intervalini 3–5 daqiqagacha qisqartirish maqsad qilingan. Mas’ullarga 15-noyabrdan boshlab shu bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, 20-dekabrga qadar yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan 25 ta yo‘nalishga katta sig‘imli, bo‘g‘inli avtobuslarni safarbar etish tavsiya qilindi. Bunda asosiy e’tibor Uchtepa, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi asosiy yo‘llarga qaratiladi.

Avtobuslarning kechki qatnovini uzaytirish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. 1-dekabrga qadar 20 ta avtobus yo‘nalishida (1-, 14-, 18-, 21-, 24-, 28-, 38-, 44-, 46-, 51-, 58-, 67-, 72-, 85-, 93-, 98-, 115-, 118-, 131- va 147-sonli) kechki qatnovni soat 23:00 gacha uzaytirishni mavjud imkoniyatlar doirasida o‘rganish topshirilgan. Kechki qatnovlarda avtobuslar oralig‘i 15–20 daqiqadan oshmasligi, jadvallar esa bekatlar va raqamli ilovalarda e’lon qilinishi belgilangan.

Jamoat transporti infratuzilmasini himoya qilish maqsadida 1-noyabrdan jamoat transporti uchun ajratilgan «A» yo‘laklarida shaxsiy avtomobillarning noqonuniy harakatlanishi va to‘xtab turishiga qarshi reydlar kuchaytiriladi. 15-dekabrga qadar esa avtobuslarning old qismiga qoidabuzarliklarni harakat vaqtida avtomatik qayd etuvchi kameralar o‘rnatilib, ularni YHXB yagona bazasiga ulash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Bundan tashqari, haydovchilarning nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarga pandusni ochib berishi xizmat majburiyati sifatida belgilandi. Bundan bosh tortgan haydovchilarga intizomiy chora ko‘rilishi nazarda tutilgan.

Qarorda jamoatchilik fikri ham inobatga olingan bo‘lib, oktabr oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali qariyb 3 ming kishi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalari keltirilgan. Qatnashchilarning 85,4 foizi tig‘iz vaqtlarda haddan tashqari gavjumlikni, 32 foizi esa bekatda 20 daqiqadan ortiq kutishni qayd etgan bo‘lsa-da, 79 foiz ishtirokchi transport tizimini umumiy hisobda «qulay» yoki «juda qulay» deb baholagan.

Teglar

Mavzuga oid