Toshkent davlat yuridik universitetining yotoqxonasi 195,7 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi
Olmazor tumanida joylashgan 1 gektar maydonga ega talabalar yotoqxonasi auksion savdosiga chiqarildi. Bino xaridorga faqat u yerdagi davlat tashkilotlari Yangi Toshkentdagi kampusga ko‘chib o‘tganidan keyingina foydalanish uchun topshiriladi.
© Foto: e-auksionToshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Toshkent davlat yuridik universitetiga (TDYUU) tegishli 2-sonli talabalar yotoqxonasi 195,66 milliard so‘mga «E-auksion» elektron savdo platformasida sotuvga chiqarildi.
Savdoga qo‘yilgan obyekt Ziyo mahallasi, Talabalar ko‘chasi, 2-uy manzilida — Kichik halqa avtoyo‘li bilan kesishma yaqinida joylashgan. Mazkur bino to‘rtta talabalar yotoqxonasi kompleksi tarkibiga kiradi.
Umumiy yer maydoni 1,02 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa 8972 kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua to‘liq suv, gaz, elektr energiyasi va kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan.
Lot bo‘yicha auksion savdolari 4-noyabr kuni soat 10:00 ga belgilangan. Savdoda ishtirok etish uchun talab etiladigan zakalat miqdori boshlang‘ich narxning 3 foizini, ya’ni 5,87 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur davlat aktivini xususiylashtirish jarayoniga Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 361-sonli qarori asos qilib olingan. Hujjat yopiq tarzda qabul qilingan bo‘lib, hozirda «lex.uz» qonunchilik bazasida ochiq e’lon qilinmagan.
Sotuvning asosiy shartiga ko‘ra, binodan foydalanayotgan davlat tashkilotlari TDYUUning yangi kampusiga to‘liq ko‘chib o‘tganidan keyingina obyekt xaridorga bo‘shatib beriladi va u ko‘chmas mulkdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, binoni topshirishning aniq sanasi auksion shartlarida ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, TDYUUning Yangi Toshkent hududida zamonaviy kampusini barpo etish prezidentning 2025-yil 26-noyabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan. Loyihalashtirish va qurilish ishlari 2025−2028-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, buning uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar hamda qurilish kompaniyalari mablag‘lari jalb etiladi.
Avvalroq Vaqt.uz 2022-2025-yillarda sotuvga qo‘yilgan talabalar yotoqxonasi bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (hozirgi Ta’lim va ilm-fan vazirligi) bunga javoban ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan ayrim lotlar talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi yerto‘la, oshxona, bufet, hovli qismi hamda boshqa yordamchi maydonlardan iborat ekanligini aytgan.
Shuningdek, vazirlik O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga tegishli obyektlarning ommaviy savdoga chiqarilishi Prezidentning PF–70-son farmoni asosida amalga oshirilayotganini bildirdi. Universitetning mavjud binolari Yangi Toshkentdagi yangi kampus foydalanishga topshirilgandan keyingina bo‘shatilishini ma’lum qilgan. Ammo ayrim savollar ochiq qolgan edi.





