Logo

Google rahbariyati O‘zbekistondagi islohotlarni Google Pay misolida yuqori baholadi

Google vitse-prezidenti Doron Avni O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va qayta ishlash sohasidagi o‘zgarishlarni yuqori baholab, bu pragmatik qadamlar jahon miqyosidagi texnologiyalarning mamlakat bozoriga kirishida yangi ufqlarni ochganini e’tirof etdi.

Google rahbariyati O‘zbekistondagi islohotlarni Google Pay misolida yuqori baholadi © uzairways.uz

O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar global texnologiyalarning mamlakat bozoriga kirishi uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Bu haqda Google'ning rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati vitse-prezidenti Doron Avni o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

U bunga yaqinda Google Pay tizimining O‘zbekistonda ishga tushganini asosiy misol sifatida keltirdi.

Joriy yil boshida O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi yondashuvini yangilab, ma’lumotlarni qat’iy lokalizatsiya qilish o‘rniga moslashuvchan va muvozanatli yo‘lni tanlagan edi. Uning fikricha, bu o‘zgarishlarning amaliy natijasi ko‘p kuttirmadi.

«Hukumatlar oldindan tushunarli va global tizimlar bilan o‘zaro ishlay oladigan qoidalarni yaratsa, global texnologiyalar ham tez kirib keladi», — deya ta’kidladi Doron Avni.

Raqamli modernizatsiya va hamkorlik

Google vitse-prezidenti o‘z postida Google Pay'ning O‘zbekistonda ishga tushirilishi AQSH davlat kotibi Marko Rubioning mamlakatga tashrifi va Samarqanddagi C5+1 vazirlar sammiti davomida e’lon qilinganiga alohida urg‘u berdi. Uning qayd etishicha, bu O‘zbekiston va AQSHning raqamli modernizatsiyani jadallashtirish borasidagi umumiy intilishini ko‘rsatadi.

«O‘zbekiston pragmatik siyosat orqali yangi imkoniyatlarga yo‘l ochish mumkinligini amalda ko‘rsatmoqda», — deb yozdi Doron Avni.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva joriy yilning sentabr oyida Nyu-Yorkda Google vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan uchrashib, texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan edi.

O‘shanda Saida Mirziyoyeva: «Biz so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirdik. Buning natijasida O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochilmoqda», — degan edi.

Natijada, joriy yilning 27-oktabr kuni O‘zbekistonda Google hamda Apple Pay tizimlari to‘laqonli ishga tushgani e’lon qilindi.

Teglar

Mavzuga oid