
«20 foiz bitiruvchi ishsiz, 30 foizi esa oddiy mutaxassis» — «El yurt umidi» jamg‘armasi vakili
22.09.2025 | 19:00431111
Vaqt.uz tahririyatiga «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiantlarining Telegram guruhida o‘tkazilgan va jamg‘armaning raqamlashtirish hamda data analitika bo‘limi boshlig‘i Jasurbek Qaynarbekovga tegishliligi aytilgan audio yetib keldi.

Unda Qaynarbekovning jamg‘arma bitiruvchilariga oid statistikalar, bitiruvchilarning ishga joylashishidagi muammolar, O‘zbekistondagi «negativlar» hamda jamg‘arma endilikda stipendiantlarga oid ma’lumotlarning jamoatchilikka ochiqlamoqchi emasligi kabi masalalarda gapirganini eshitish mumkin.
Qaynarbekov telegram orqali tashkil qilingan yig‘ilishda dastlab «El-yurt umidi» jamg‘armasi bitiruvchilarining ishga joylashishidagi muammolar va shu yo‘nalishdagi og‘riqli statistika haqida gapiradi.
«Hozir misol uchun bitta narsani ochaman sizlarga, statistika tahlil qildim. Endi u tahlillarni sizlarga tashlay olmayman. Shu kunga qadar 500 dan oshiq stipendiat o‘qishni bitirib kelgan. Ularni tasavvur qilinglar, 20 foizdan oshig‘i ishsiz yuribdi. Ya’ni bu my.mehnat.uz’dan tortilgan ma’lumot. 27-30 foizi oddiy yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlayapti. 157 nafari ta’lim sohasida ishlayapti, lekin lavozim jihatdan past lavozimlarda. Atigi 22 tasi milliy darajadagi tashkilotlarda ishlayapti. 30 dan oshig‘i boshqarma boshlig‘i yoki departament, yoki bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlamoqda», — deydi mutaxassis.Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat pul tikib, xorijda o‘qitgan yoshlarni yaxshi oylik, yaxshi loyihalar va katta-katta lavozimlarda ishlaydi, deb niyat qiladi.
«Demak, biz o‘zimiz ustimizda ko‘proq ishlashimiz kerak. O‘zimizni rivojlantirish. Demak, bir narsani tushunyapman: faqat top-universitetni bitirib kelish kam ekan», – deydi Jasurbek Qaynarov.Yig‘ilish davomida mutaxassis OAV, jumladan, Vaqt.uz saytida jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq e’lon qilinayotgan maqolalar haqida ham gapirarkan, ulardan tanqidiylarini «asossiz» deya ataydi. Shuningdek, O‘zbekistonda hamma negativchi bo‘lib ketgani, jamg‘arma stipendiantlari esa pozitiv fikrlashi kerakligini ta’kidlaydi.
«Hadeb negativni yoritavergandan, pozitivni narsalarni ham yoritishga harakat qilinglar. O‘zbekistonda hamma negativni gapiraverishi yetadi. Sizlar pozitiv bo‘linglar. Asossiz narsalar qilingan. Qayoqdagi Vaqt.uz emas, rasmiy nashrlar yozsin, shunga ishonch bildirsa bo‘ladi», — deydi u kutilmaganda keskin qizishib.Ma’lumot uchun, avvalroq Vaqt.uz saytida barcha imtihonlardan o‘tgan bo‘lsa-da, jamg‘arma rahbariyatining shaxsiy munosabati sabab, Amerika Qo‘shma Shtatlariga ketolmagan stipendiant Azim Ahtamov haqida surishtiruv e’lon qilingan edi. (1-havola, 2-havola) Surishtiruv material hozir ham saytimiz va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mavjud, ammo jamg‘arma shu paytga qadar unga biror-bir shaklda munosabat bergan emas. Tahririyat bu masalada tez orada tegishli huquq organlariga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Qaynarbekovga qaytsak. U negativ deb atagan, Vaqt.uz’ning o‘sha – jamg‘arma saytidagi ochiq ma’lumotlar asosida yozgan va imtihon tizimidagi shaffoflik shubhaga olingan maqolasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
«Natijalarni oshkor qilish bo‘yicha ko‘p muhokamalar bo‘lyapti. Mana, xalqaro dasturlar, Chevening, Fullbright kabi boshqa grantlar natijasi shaxsiyga yoki pochtaga boradi. Bizning maqsadimiz ham shu darajaga borish. Keyingi yildan yoki tanlovlardan hech qanday narsa e’lon qilinmaydi. Maqsad nima? Maqsad — shaxsiy ma’lumotlar. Mana Rashid akaga yoki Aynuraga nisbatan bosim bo‘lyapti. Ism-familyasini yozishib, bu bunaqa edi deyishyapti. «Nimaga bunga berildi? Maktabda mendan yomon o‘qigan edi», kabi bosim bo‘lyapti. Sizlar bu bosimni his qilolmaysizlar. Ya’ni, birovning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rinyapti, nechi ball olgani va boshqa narsasi. Shunga biz sekin-sekin xalqaro tizimga o‘tmoqchimiz. Platforma orqali o‘zi ko‘radi, o‘zi biladi, kamchiliklarini o‘zi tuzatadi. Hech qayerda e’lon qilinmaydi», – deydi u.Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, avvalroq jamg‘armaning bu yilgi stipendiatlari haqida umuman ism-familiyalar e’lon qilmaslikka kelishilgan bo‘lgan. Lekin umumiy ma’lumot sifatida baribir e’lon qilingan. Shunda ham avval ular test sinovlari va suhbatdan o‘tganlar ro‘yxatini joylagan. Yakuniy ro‘yxatda kerakli ballni to‘play olmaganlar ham aniqlangach, ular apellyatsiyaga berib, ballarini oshirib olishgani ma’lum bo‘ldi. Lekin hanuzgacha jamg‘arma rasmiy saytida bu borada ma’lumot yo‘q.
«Hammaning o‘z shaxsiy email’iga «Tabriklaymiz, oilamizga xush kelibsiz!» degan xat yuborib qo‘ymoqchi edik. Umumuman ism-familiya bermoqchi emasdik. Lekin umumiy narsani ham e’lon qilib qo‘ydik, ya’ni sizlar aytgan shaffoflik, adolat hissi uchun», — deydi u.Qaynarbekov o‘z so‘zlari yakunida stipendiantlarning Telegram guruhdagi muhokama qilayotgan mavzularini tanqid qilarkan, hammani yangi g‘oya va insonlarning hayotini yaxshilaydigan loyihalarni muhokama qilishga chaqiradi. Unga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda jamg‘arma yig‘inlariga bitiruvchilar deyarli kelmay qo‘ygan.
«Bir-birimizning aybimizni, bir-birimizning narsasini kovlayversak, u hech qachon tugamaydi. Biz o‘qimishli insonlarmiz. Biz insonning hayotini yaxshilash, xizmat qilish uchun kelgan insonlarmiz. Har kunimiz kimgadir yordam berish bilan o‘tsin. Shu narsada birlashaylik, iltimos. Sizlarga loyihalar tashlandi. Uchrashuv qilaylik, deyildi. 4 kishi bilan uchrashuv o‘tdi. Lekin 370 tadan oshiqmiz», — deyiladi jamg‘arma bo‘lim boshlig‘iga tegishli audioda.Shaxsiy ma’lumotlarning oshkor etilishi va ularga bosim tushishi bahonasida davlat byudjetidan ajratilgan pullar hisobiga chet el universitetlariga o‘qishga jo‘natilayotgan talabalarning ma’lumotlarini yashirish, oshkor qilmaslikka chaqirish bu shaffoflikka zid qadam, albatta. Ilyos Safarov, Vaqt.uz muxbiri.





