Logo

AQSHda 1 sentlik tangalarni ishlab chiqarish to‘xtatildi

Bugun 16:352 daqiqa

Hozir muomalada bo‘lgan bir sentlik tangalardan foydalanish davom etadi va ular to‘lov vositasi sifatida qabul qilinaveradi. Yangi hujjat bilan to‘lovning yakuniy summasini besh sentgacha yaxlitlashga ruxsat beriladi. Masalan, xaridor soliqlar qo‘shilgandan keyin 10 dollar 2 sentlik mahsulot sotib olsa va unda 2 sent bo‘lmasa, to‘lov 10 dollar qilib belgilanadi. Agar xarid summasi 10 dollar 4 sent bo‘lsa, u holda to‘lov 10 dollar 5 sentga yaxlitlanadi.

AQSHda 1 sentlik tangalarni ishlab chiqarish to‘xtatildi © Foto: Getty Images

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda bir sentlik tangalarni (penni) ishlab chiqarishni to‘xtatishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Moliya vazirligi bunday tangalarni zarb qilishni to‘xtatadi.

Biroq hozir muomalada bo‘lgan bir sentlik tangalardan foydalanish davom etadi va ular to‘lov vositasi sifatida qabul qilinaveradi. Ular barcha qarzlar, davlat xarajatlari, soliqlar va boshqa to‘lovlarni amalga oshirishda qonuniy to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadi.

«CBS News»ning xabar berishicha, yangi qonunda naqd pul bilan to‘lov qilinganda qaytim berish tartibi ham belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, to‘lovning yakuniy summasini besh sentgacha yaxlitlashga ruxsat beriladi. Masalan, xaridor soliqlar qo‘shilgandan keyin 10 dollar 2 sentlik mahsulot sotib olsa va unda 2 sent bo‘lmasa, to‘lov 10 dollar qilib belgilanadi. Agar xarid summasi 10 dollar 4 sent bo‘lsa, u holda to‘lov 10 dollar 5 sentga yaxlitlanadi.

Avvallari naqd pul bilan to‘lov qilish vaqtida sotuvchida qaytim berish uchun mayda pul bo‘lmasa, hatto summa xaridor foydasiga yaxlitlangan taqdirda ham, xaridor uni sudga berishi mumkin edi. Bir sentlik tangalarni bosqichma-bosqich muomaladan chiqarish masalasi ko‘plab tadbirkorlar uchun muhim hisoblangan. Garchi bunday tangalar hali ham muomalada bo‘lsa-da, AQSHning ko‘plab shtatlarida ularning yetishmasligi kuzatilmoqda.

Qonun loyihasini AQSH Kongressining Vakillar palatasi va Senati qo‘llab-quvvatlagan. Vakillar palatasi a’zosi Liza Makkleynning ta’kidlashicha, bitta bir sentlik tangani ishlab chiqarish taxminan 4 sentga tushadi. Yangi qonun esa davlat budjetiga har yili 85 million dollar tejash imkonini beradi.

Aslida, bir sentlik tangalarni ishlab chiqarish 2025-yil 12-noyabrdayoq to‘xtatilgan. Shu kuni AQSH zarbxonasi Filadelfiya shahrida maxsus marosim o‘tkazib, eng so‘nggi bir sentlik tangani zarb qildi. AQSHda ilk bir sentlik tanga ham 1793-yilda aynan shu shaharda ishlab chiqarilgan.

Tangalar ishlab chiqarilishi yakunlangani munosabati bilan jami 232 ta maxsus kolleksiya to‘plami tayyorlandi. Ularning har biri penni ishlab chiqarilgan 232 yilning bittasiga bag‘ishlangan. Har bir to‘plamga 24 karatli oltindan yasalgan bitta bir sentlik tanga ham kiritilgan. Qariyb 250 yil davomida uning tashqi ko‘rinishi bir necha bor o‘zgargan. Hozirgi ko‘rinishdagi bir sentlik tanga esa 1909-yilda paydo bo‘lgan. Uning bir tomonida AQSHning marhum prezidenti Avraam Linkoln tasviri joylashtirilgan.

Nashrning yozishicha, qonun chiqaruvchilar bir sentlik tangalarni muomaladan chiqarish masalasini bir necha o‘n yil davomida ko‘tarib kelgan. Bunga asosiy sabab tangadan foydalanish noqulayligi bo‘lgan.

Masalan, 1989-yilda pennidan voz kechishga qaratilgan qonun qabul qilishga urinish bo‘lganida, «The New York Times» gazetasi bu tangalarni «eskirgan va ortiqcha ovoragarchilik keltiradigan vosita» deb ta’riflagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 11-sentabr teraktiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan AQSHda esdalik tanga chiqarilgandi.

Teglar

Mavzuga oid