Logo

Soliq qo‘mitasi Telegram’dagi soxta keshbek kanallaridan ogohlantirdi

Bugun 12:351 daqiqa

Qo‘mita nomidan ochilgan 50 ga yaqin guruh, kanal va bot aniqlandi. Firibgarlar ular orqali keshbek olish uchun chek sotishga uringan va xavfli ilovalar tarqatgan.

Soliq qo‘mitasi Telegram’dagi soxta keshbek kanallaridan ogohlantirdi © scanbot.io

Soliq qo‘mitasining kiberxavfsizlik xizmati Telegram’da qo‘mita nomidan ish yuritayotgan ochiq va yopiq guruhlar, kanallar hamda botlarni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, firibgarlar ayrim foydalanuvchilarni pul evaziga ijara shartnomalarini rasmiylashtirishga undagan. Ular «keshbek orqali pul ishlash»ni va’da qilib, odamlardan guruhga yangi a’zolarni ham taklif qilishlarini so‘ragan. Shu kanallar orqali Soliq qo‘mitasi nomidan xabarlar va xavfli ilovalar ham tarqatilgan.

Jumladan, quyidagi kanallar aniqlangan:

  • soliquz_chek_keshbek;

  • SoliqUz_keshbeklar;

  • Soliqmobilxizmati;

  • SoliqUzbDavlat_bot;

  • Keshbek_soliqbot.

photo_2026-11-23_10-13-18

Manba: Soliq qo‘mitasi

Qo‘mitaning kiberxavfsizlik xizmati aniqlangan holatlar bo‘yicha Telegram’ning texnik yordam xizmatiga murojaat yuborgan.

Soliq qo‘mitasi norasmiy kanallarga obuna bo‘lmaslik, ulardagi havolalarni ochmaslik va shu manbalardan yuklab olingan ilovalarni o‘rnatmaslikni so‘radi. Shubhali guruh, kanal yoki bot haqida @soliquz_report_bot orqali xabar berish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Yashnobod tumanida 2,4 mlrd so‘mlik kriptoaktivlar aylanmasi bilan noqonuniy shug‘ullangan yashirin koll-markaz faoliyatiga chek qo‘yilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Soliq qo‘mitasi Telegram’dagi soxta keshbek kanallaridan ogohlantirdi | Vaqt.uz