Muddatli to‘lov asosida savdo qiluvchi ayrim tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi
Savdo aylanmasi chorak yakunida 500 mln so‘mdan oshgan va uning kamida 50 foizini bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatlari tashkil etgan tashkilotlar uchun yangi tartib joriy etilishi kutilmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda tovar va xizmatlarni muddatli to‘lov asosida sotuvchi tashkilotlarni Markaziy bankda hisobga olish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Markaziy bank tomonidan tayyorlangan tegishli qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyihada nazarda tutilishicha, hisobot choragi yakuniga ko‘ra, savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan hamda ushbu aylanmada bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi 50 foiz yoki undan ko‘pni tashkil etgan tashkilotlar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Ushbu talab ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Mazkur talablarga mos keladigan tashkilotlar hisobot davri tugaganidan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmasdan Markaziy bankka ariza hamda zarur hujjatlarni topshirishlari shart.
Hujjat loyihasiga asosan, muddatli to‘lov xizmatlarini amalga oshirish huquqi tashkilot Markaziy bank tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritilgandan so‘ng beriladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor etish tartibida, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali ushbu reyestrga kiritiladi.
Tashkilotlarni aniqlash jarayonida Soliq qo‘mitasi elektron hisobvaraq-fakturalar hamda onlayn kassa cheklari asosida shakllangan ma’lumotlarni Markaziy bankka yuboradi. Markaziy bank esa taqdim etilgan ma’lumotlarni o‘rganib, tahlil qiladi.
Belgilangan mezonlarga javob beruvchi tashkilotlarning ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat olib borishi nizom talablarining buzilishi sifatida baholanadi.
Qaror loyihasining 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Hujjat yuzasidan jamoatchilik muhokamasi esa 1-dekabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2027-yildan bank ilovalari, bankomatlar, peshlavhalar, yo‘l belgilari, aeroport va vokzallardagi axborotlar takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.





