Bank ilovalari, peshlavhalar va yo‘l belgilari yangi alifboga o‘tkaziladi
2027-yildan bank ilovalari, bankomatlar, peshlavhalar, yo‘l belgilari, aeroport va vokzallardagi axborotlar takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Vaqt.uz Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni jamiyatning barcha sohalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida yozgandi.
Hujjat loyihasi 2026-yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-son Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qonun bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi 4 ta harf «O‘ o‘ – O‘ o‘», «G‘ g‘ – G‘ g‘», «Sh sh – Sh sh», «Ch ch – Ch ch» tarzida o‘zgartirilgan.
Chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, bank-moliya, soliq va bojxona tizimlarining dasturiy ta’minoti, mobil ilovalari, bankomatlari va terminallari interfeyslari yangi alifbo hamda imlo qoidalariga o‘tkaziladi.
Shuningdek, elektron hisobotlar, rasmiy blankalar, bildirishnomalar va normativ-huquqiy hujjatlar ham moslashtiriladi. Ushbu ishlar qonun kuchga kirgunga qadar amalga oshirilishi kerak.
Davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining peshlavha hamda axborot yozuvlarini yangilash uchun 2026-yil noyabr oyida reja-jadval ishlab chiqish, qonun kuchga kirganidan boshlab esa yozuvlarni yangi alifbo asosida tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Elektron tablolar, media ekranlar va axborot kiosklaridagi matnlarni ham qonun kuchga kirgan sanadan boshlab takomillashtirilgan alifboda shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Transport va savdo sohasidagi o‘zgarishlar
Savdo va xizmat ko‘rsatish obektlaridagi o‘zgargan harflar qatnashgan yozuvlarni 2027 yildan boshlab reja asosida yangilash taklif etilmoqda.
Transport va yo‘l xo‘jaligi infratuzilmasidagi ishlar ham 2027-yildan bosqichma-bosqich bajarilishi belgilanmoqda. Jumladan:
— aeroport, vokzal va boshqa jamoat joylaridagi yozuvlar;
— avtobus, metro, temir yo‘l va boshqa transport vositalaridagi yo‘nalish, bekat hamda xizmat axborotlari;
— yo‘l belgilaridagi yozuvlar, ko‘rsatkichlar va manzil axborotlari yangi alifboga moslashtiriladi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarga Transport vazirligi, Transport nazorati inspeksiyasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari», «Uzbekistan Airports», «Uzbekistan Airways», «Toshshahartransxizmat» va «Toshkent metropoliteni» mas’ul etib belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 2027-yil 19-fevraldan naqd pul muomalasiga oid yangi normativ hujjat kuchga kirishi munosabati bilan amaldagi banknot va tangalarni almashtirish talab etilmasligi haqida ma’lumot bergandi.