Xitoy xorijiy davlat foydasiga josuslik qilgan amaldorni o‘limga hukm qildi
Amaldor xorijiy razvedka xizmati tomonidan 150 ming dollarga yollangani aniqlandi. Chet el agenti xitoy tilini o‘rganish bahonasida u bilan aloqa o‘rnatgan.
© Getty ImagesXitoyda xorijiy davlat foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan amaldor o‘lim jazosiga hukm qilindi. Amaldor maxfiy hujjatlardan 35 ta ma’lumotni to‘plab, buning evaziga 150 ming dollardan ortiq mablag‘ olgan. Bu haqda «The Guardian» xabar berdi.
Davlat sirlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy boshqarma bilan bog‘liq «Gold Wall Press» nashriyot kompaniyasining ma’lum qilishicha, mahkumning familiyasi Ma bo‘lib, u xorijda ishlagan vaqtida noma’lum xorijiy razvedka xizmati vakillari tomonidan yollangan.
Xitoy sudlari odatda davlat xavfsizligiga oid ishlar haqida ma’lumotlarni oshkor qilmaydi. Biroq so‘nggi yillarda Davlat xavfsizligi vazirligi va «Gold Wall Press» hibsga olish holatlarini kengroq yoritmoqda. Shuningdek, josuslik xavfi haqida ogohlantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar, filmlar va komikslardan ham foydalanmoqda.
23-noyabr kuni e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Ma «maxfiylik» va «sadoqat» bandlarini o‘z ichiga olgan hamkorlik shartnomasini imzolagan hamda har oy belgilangan miqdorda pul olib turgan. Umuman olganda, u davlat siri sifatida tasniflangan 35 ta ma’lumotni taqdim etgan va buning evaziga 1 mln yuandan ortiq mablag‘ olgan.
Kaylin nomi bilan tanishtirilgan razvedka xodimi Ma bilan tez-tez uchrashuvlar tashkil qilgani, u bilan yanada yaqinroq aloqa o‘rnatishga harakat qilgani aytiladi. Bunga xodimning xitoy tilini o‘rganishga qiziqishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Keyinchalik Kaylin uni hamkasbi bilan tanishtirgan. U esa Ma avval taqdim etgan ma’lumotlari haqida Xitoy rasmiylariga xabar berish bilan tahdid qilgan va hamkorlikni davom ettirishga majburlagan.
Xitoyga qaytganidan keyin ham Ma xorijiy agentlik uchun ma’lumot to‘plashda davom etgan. Agentlik unga noutbuk taqdim etgan. U kunduz kunlari xizmat mavqeidan foydalanib, maxfiy hujjatlardan ma’lumotlar yig‘gan, kechasi esa josuslik veb-sayti orqali ularni xorijga uzatgan.
Bayonotda qaysi davlatlar ishtirok etgani, Ma qachon va qayerda hukm qilingani yoki uning jazosi ijro etilgan-etilmagani haqida ma’lumot berilmagan.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining «YouTube» kanalidagi eng ko‘p ko‘rilgan beshta videoning barchasi xitoy tilidagi yollash e’lonlaridir.
«Bu dahshatli holat yana bir bor ogohlantiruvchi signal bo‘lib xizmat qiladi», — deyiladi «Gold Wall Press» bayonotida.
Unda xorijiy razvedka xizmatlari «makkor» ekani, ular muhim lavozimlardagi shaxslarni o‘z tomoniga og‘dirish uchun hissiy aloqalar, moliyaviy manfaatlar va tahdidlardan foydalanishi ta’kidlangan.
Shuningdek, davlat xizmatchilari hushyorlikni saqlashi, Kommunistik partiyaga sadoqatini mustahkamlashi, davlat sirlarini himoya qilishi va xorijiy razvedka xizmatlari tomonidan yollanish urinishlaridan ehtiyot bo‘lishi kerakligi aytilgan.
2023-yilda Pekin josuslikka qarshi qonunni kengaytirib, josuslik tushunchasi doirasini kengaytirdi va davlat xavfsizligi organlarining tergov vakolatlarini kuchaytirdi. Keyingi yili esa davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritilib, maxfiy ma’lumotlar bo‘yicha cheklovlar «xizmatga oid sirlar» deb ataladigan ma’lumotlarga ham tatbiq etila boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Nvidia» rahbarining boyligi kamayib ketgani, bunga sabab esa xitoylik «josus» ekani haqida xabar berilgandi. Keyinroq kompaniya bosh direktori lavozimiga qayta tiklangan Jensen Xuangning boyligi bir kechada 33,7 milliard dollarga ko‘paydi. Natijada uning umumiy boyligi 143,8 milliard dollarga yetdi.
Farangiz Bobojonova





