O‘zbekistonning mikroqarz bozoriga kirishni reja qilayotgan xorij banki, bayonot bergan «Turonbank» va lavozimiga qaytgan «Nvidia» rahbari — 23-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.
© KollajO‘zbekistonda 35 mingdan ziyod yer uchastkasi auksionga chiqarildi
O‘zbekistonda 1 mln 328 ming 234 ta ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, 885 ming 671 ta ko‘chmas mulk obyektining kadastr pasporti shakllantirildi. «UZKAD» tizimida 42 mln 409 ming 355 gektar yer uchastkasining elektron xaritasi yaratilgan.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish jarayonida 8 mln 87 ming 712 ta arxiv hujjati elektron shaklga o‘tkazilgan va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda rad etish holatlari 2,1 barobarga kamaygan.
Saddam Husaynning samolyoti sotuvga qo‘yildi
Iroq 1991-yilda Fors ko‘rfazidagi ikkinchi urushdan saqlab qolish uchun Tunisga olib chiqilgan va shundan beri u yerda qolib ketgan ikkita «Boeing 747» samolyotini 1,8 million AQSH dollariga sotishga qaror qildi. Ulardan biri bir paytlar Iroqning sobiq davlat rahbari Saddam Husaynning borti bo‘lgan.
Sotuvga qo‘yilgan asosiy samolyot — 1982 yilda ishlab chiqarilgan va dastlab hukumat samolyoti sifatida jihozlangan «Boeing 747SP» (ro‘yxat raqami YI-ALM) havo kemasidir. «Al-Qodisiya» deb nomlangan ushbu bort ichida apartamentlar, konferens-zal va uxlash uchun mo‘ljallangan o‘rindiqli salon mavjud.
O‘zbekistonda «MUNIS» kliring tizimi orqali to‘lovlar soni 63 foizga oshdi
2026-yil oktabr oyida tijorat banklari «MUNIS» kliring tizimi orqali jami 22,7 mln ta to‘lovni qabul qilgan. Ularning umumiy qiymati 14,5 trln so‘mni tashkil etgan. To‘lovlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63,1 foizga oshgan bo‘lsa-da, ularning umumiy summasi 3,4 foizga kamaygan. Xususan, 2025-yilning oktabr oyida tizim orqali 13,9 mln ta, qiymati 15 trln so‘mlik to‘lov o‘tkazilgan. 2026-yil oktabrda «MUNIS» orqali qabul qilingan to‘lovlar soni bo‘yicha «Aloqabank» birinchi o‘rinni egallagan. Bank 10 mln 53 mingta to‘lovni qabul qilgan. Bu tizimdagi jami to‘lovlarning qariyb 44 foizini tashkil etadi.
Soliq qo‘mitasi Telegram’dagi soxta keshbek kanallaridan ogohlantirdi
Soliq qo‘mitasining kiberxavfsizlik xizmati Telegram’da qo‘mita nomidan ish yuritayotgan ochiq va yopiq guruhlar, kanallar hamda botlarni aniqladi. Firibgarlar ayrim foydalanuvchilarni pul evaziga ijara shartnomalarini rasmiylashtirishga undagan. Ular «keshbek orqali pul ishlash»ni va’da qilib, odamlardan guruhga yangi a’zolarni ham taklif qilishlarini so‘ragan. Shu kanallar orqali Soliq qo‘mitasi nomidan xabarlar va xavfli ilovalar ham tarqatilgan.
XVJ Qozog‘istonda inflatsiya xavfi tufayli bazaviy stavkani oshirishni tavsiya qildi
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) inflatsiya bilan bog‘liq xavflar saqlanib qolayotgani sababli Qozog‘iston Milliy bankiga bazaviy stavkani oshirish masalasini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu tavsiya 2026-yilda bazaviy stavka to‘rt marta pasaytirilib, 18 foizdan 15,75 foizga tushirilganidan keyin berildi.
Qozog‘istonda yillik inflatsiya darajasi oktabr oyida 9,2 foizgacha pasaydi. Biroq bu ko‘rsatkich Milliy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajadan deyarli ikki baravar yuqori. XVJning ta’kidlashicha, inflatsiya maqsadli ko‘rsatkichga yaqinlashmaguncha Milliy bank qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishi kerak.
«Turonbank» rahbari qo‘lga olingani ortidan bank bayonot berdi
«Turonbank» boshqaruv raisi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan bank matbuot xizmati va kuzatuv kengashi bayonot berdi.
Aytilishicha, bank o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirmoqda. Bank xizmatlari markazlari, ofislar va raqamli platformalar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish davom etmoqda. Bankning omonatchilar, mijozlar, investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari o‘z kuchida qoladi.
Bank o‘z faoliyatini korporativ boshqaruv, ichki nazorat tizimi va amaldagi qonunchilik asosida yuritayotganini ma’lum qildi. Mijozlar savollari bo‘yicha 1220 qisqa raqami yoki bankning rasmiy axborot kanallari orqali murojaat qilishlari mumkin.
Bank ilovalari, peshlavhalar va yo‘l belgilari yangi alifboga o‘tkaziladi
2027-yildan bank ilovalari, bankomatlar, peshlavhalar, yo‘l belgilari, aeroport va vokzallardagi axborotlar takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, elektron hisobotlar, rasmiy blankalar, bildirishnomalar va normativ-huquqiy hujjatlar ham moslashtiriladi.
Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yuk tashish hajmi besh yilda 53 barobar oshdi
Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga tashilayotgan yuk hajmi 2020-yildagi 33,7 ming tonnadan 2025-yilda 1,8 million tonnaga yetdi. Bu besh yil ichida qariyb 53 barobar o‘sishni anglatadi. Hozirda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston transport yo‘lagi temiryo‘l va avtomobil transportini birlashtiradi. YeTB tadqiqotiga ko‘ra, yuklar dastlab Xitoy hududi bo‘ylab poyezdlarda tashiladi. Keyin esa Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yetkazish uchun yuk mashinalariga ortiladi.YeTB ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida avtomobil transporti orqali yuk tashish temiryo‘l transportiga nisbatan tezroq o‘smoqda. Bank buning uchta asosiy sababini keltirgan.
Jensen Xuang qaytdi
Amerikaning «Nvidia» texnologiya kompaniyasi direktorlar kengashi Jensen Xuangni bosh direktor lavozimiga qaytarish haqida bir ovozdan qaror qabul qildi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, direktorlar kengashi bir necha uchrashuv o‘tkazganidan so‘ng Xuangni lavozimiga qaytarishga qaror qilgan. Kengash a’zolari uning ochiqligi va rahbarlik qobiliyatiga ishonch hosil qilgan. Shu tariqa, Xuang prezident, bosh direktor va direktorlar kengashi a’zosi lavozimlariga darhol qaytarilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida direktorlar kengashining qarorini «juda to‘g‘ri» deb atadi. Uning aytishicha, AQSH uchun korporatsiya rahbari lavozimida Huang bo‘lishi kerak va bu milliy xavfsizlikka hech qanday tahdid solmaydi.
Mo‘g‘uliston banki O‘zbekistonning mikroqarz bozoriga kirmoqchi
Mo‘g‘ulistondagi «Bogd Bank» O‘zbekiston bozorida mikroqarz xizmatlarini taklif etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bankning bosh kompaniyasi «Bogd FT Limited» taqdim etgan hujjatda qayd etilishicha, kompaniya xorijiy bozorlardagi faoliyatini kengaytirish uchun Markaziy Osiyoga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston raqamli kreditlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.
Bank mazkur mamlakatlarda an’anaviy filiallar ochish o‘rniga, mijozlarga internet orqali mikroqarz va iste’mol kreditlarini taqdim etish modelini ko‘rib chiqyapti. Bunda kredit olish uchun arizalar onlayn tarzda qabul qilinadi, qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyati avtomatlashtirilgan tizimlar yordamida baholanadi. Shuningdek, xizmatlarni mahalliy hamkorlar bilan birgalikda rivojlantirish rejalashtirilgan.





