Qashqadaryoda bankomatdan pul yechishda «yordam berish» bahonasida pul o‘g‘irlaganlar ushlandi
Shahrisabzlik ikki nafar erkak bankomatlar yonida turib, go‘yo pul yechishga ko‘maklashish bahonasida 21 ta holatda odamlarning kartalaridan pul yechib kelgan.
© Foto: rg.ruQashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro o‘zaro til biriktirgan. Ular bankomatdan pul yechishga yordam berish bahonasida odamlarning mablag‘ini o‘g‘irlab kelgani aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar bankomatlar yonida turib, pul yechish uchun kelgan fuqarolarga yordam berishni taklif qilishgan. Shu bahonada ular kartaning kodini bilib olishgan.
Karta egasi ketishidan oldin ular kartani NFC orqali bankomatga tekkizib olishgan. Egasi ketganidan so‘ng esa kodni terib, hisobdagi pullarni yechib olishgan. Shu usulda 21 ta holatda fuqarolarning mablag‘i yashirincha o‘g‘irlangani aytilmoqda.
Ikkala shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ashyoviy dalil sifatida 1,4 mln so‘m mablag‘ hujjatlashtirib olindi. Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning to‘qqiz oyida firibgarlar o‘zbekistonliklarga 278 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani xabar berilgan edi.





