add

2026 yildan 1-yanvardan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Bugun 12:353 daqiqa

Kelgusi yil 1-yanvardan biznes, soliq, ta’lim, tibbiyot, vizasiz rejim va davlat xizmatlariga oid qator yangi tartiblar kuchga kiradi.

2026 yildan 1-yanvardan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

2026 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda qator qonunchilik va ma’muriy o‘zgarishlar amalga kiritiladi. Ushbu yangiliklar tadbirkorlik muhitini yengillashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, xotin-qizlar biznesini qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan.

2026 yil 1-yanvardan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etiladi. Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:

elektron raqamli imzo kalitini berish;

bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;

ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;

ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;

QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;

onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;

yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni YAMMT IDAKda hisobga qo‘yish.

Qonunchilikka ko‘ra, shuningdek, «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» nominatsiyasi joriy etiladi. G‘oliblarni aniqlashda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:

har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari soni;

har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’ektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;

har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;

har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;

mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.

1-yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda, ushbu ma’lumotlar YTT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda, bepul kiritiladi.

Shu jumladan, «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida qo‘shimcha moliyaviy instrumentlar joriy etiladi:

ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yoki rahbari ayol bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga BHMning 25 ming baravarigacha kredit ajratiladi;

tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat taqdim etiladi.

«Kelajak» markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali oyiga BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

Toshkent shahrida – 30 foiz;

viloyatlar markazlarida – 25 foiz;

respublikaning qolgan tuman va shaharlarida – 15 foiz;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning qolgan tuman va shaharlarida – 10 foiz.

Kelgusi yil 1-yanvardan AQSH fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi.

Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi ishga tushiriladi. U davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanishni ta’minlash hamda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirishni maqsad qiladi.

Maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga KPI natijalariga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.

Bundan tashqari, 1-yanvardan kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga bakalavriat kontrakt to‘lovining 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.

2026 yilda yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun «Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap» (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, yangi davolash usullarini joriy etgan tuman va shahar tibbiyot muassasalari shifokorlariga BHMning 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Qurilish materiallari sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar uchun xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi e’lon qilinadi. Shuningdek, 2026–2028 yillar uchun umumiy moliyalashtirish hajmi 30 mlrd so‘mlik ilmiy loyihalar tanlovlari o‘tkaziladi.

1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali proaktiv tarzda, fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi va to‘lanadi.

Teglar

Mavzuga oid