add

2026 yildan Toshkent mehmonlari mashinasini shahar tashqarisida qoldirishi mumkin bo‘ladi

Kecha 21:444302 daqiqa

Poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi. Mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, jamoat transportida harakatlanadi.

2026 yildan Toshkent mehmonlari mashinasini shahar tashqarisida qoldirishi mumkin bo‘ladi

2026 yildan Toshkent shahriga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shahar tashqarisidagi turargohlarda qoldirib, shaharga jamoat transportida kirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 16-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, dekabrning boshida Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha alohida qaror imzolangan. Endi yirik megapolislar kabi poytaxtda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar istasa avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etish topshirilgan. Shuningdek, kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid