add

27 foiz kupon bor, lekin «jami obligatsiyalar» raqami nega bahsli?

25.01.2026 | 18:312 daqiqa

27 foizlik kupon investorlarni jalb qilyapti, ammo emitent obligatsiyalarining «jami hajmi» atrofidagi noaniqlik bozorda savollar uyg‘otmoqda.

27 foiz kupon bor, lekin «jami obligatsiyalar» raqami nega bahsli?

2026 yil yanvarida «Biznes Finans» mikromoliya tashkiloti» MCHJning navbatdagi korporativ obligatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilindi. Unda chiqarilish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, hajmi, nominal qiymati va kupon shartlari ko‘rsatildi.

E’londa keltirilgan shartlarga ko‘ra, 100 000 so‘mlik nominal qiymatda, yillik 27 foiz kupon bilan 10 mlrd so‘mlik obligatsiya emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kupon to‘lovlari har 30 kunda, obligatsiya esa 720 kun davomida muomalada bo‘lishi belgilangan.

Bu obligatsiya depozit emas. Biroq oylik kupon sabab u depozitga o‘xshash pul oqimini eslatadi. Shu bilan birga, bu instrumentda chiqish (sotish) tezligi har doim ham depozitdagidek bo‘lmasligi mumkin. Shu o‘rinda bozor muhokamalarida yana bir tezis ko‘p tilga olinmoqda, ushbu chiqarilish yakunlangach emitentning obligatsiyalarining jami qiymati 91,56 mlrd so‘mga yetadi.

«Jami» raqamidagi noaniqlik

Muhokama shundan kelib chiqyaptiki, «jami» deganda aynan nima nazarda tutilayotgani ochiq aytilmagan, bu faoliyat davomida chiqarilgan obligatsiyalar yig‘indisimi yoki hozir muomalada qolgan, qaytarilmagan obligatsiyalarmi?

27 foiz kupon stavkasi bozorda ko‘pincha «oddiy» darajadan yuqoriroq diapazonga kiradi. Bunday holatda investorlar odatda emitentning qarzini qaytarish imkoniyati (pul oqimi, faoliyat barqarorligi) va qog‘ozni keyinroq sotish qanchalik oson bo‘lishiga ko‘proq e’tibor beradi.

Investor uchun asosiy mezon

Investor uchun «27 foiz»ning o‘zi emas, kuponning vaqtida to‘lanishi va zarurat bo‘lsa obligatsiyani sotib chiqish imkoniyati muhimroq. 100 000 so‘mlik nominal qiymat kirishni osonlashtiradi, ko‘pchilik bitta dona obligatsiya bilan ham ishtirok etishi mumkin. Oylik kupon esa investorlarda «oyma-oy tushum» hissini kuchaytiradi. Lekin amalda kuponlar o‘z vaqtida tushadimi va ikkilamchi bozorda real savdo bormi? Kupon bo‘yicha taxminiy hisob-kitob qilinsa, 100 000 so‘m nominal, 27 foizlik yillik stavka va 30 kunlik davrda bitta kupon to‘lovi taxminan 2,2 ming so‘m atrofida chiqadi.

Agar «jami» hozir muomalada qolgan, qaytarilmagan obligatsiyalarni anglatayotgan bo‘lsa, qaysi emissiyalar muomalada, qaysilari yopilgan va qaysi qismi real joylashtirilgani ham ochiq bo‘lishi kerak. Chunki amaldagi majburiyat bo‘lsa, bu riskni baholashda asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Tarixiy yig‘indi bo‘lsa, ko‘proq dinamika ko‘rsatkichiga o‘xshaydi. Investorni himoya qiladigan narsa intizom.

Shu sababdan kuponlarning vaqtida to‘lanishi, ma’lumotlarning muntazam berilishi va ikkilamchi bozordagi real savdo katta ahamiyatga ega.

G.Bozorova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid