Logo

Toshkent tumanlari sanoat zonalariga bog‘lanadi: Investorlarga yangi yer maydonlari ajratiladi

Bugun 20:302 daqiqa

Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, poytaxt tumanlariga sanoat zonalaridan yer maydonlari ajratiladi, Olmazorda Kreativ park hamda 24 soatlik sayilgohlarda «Kitob ko‘chalari» tashkil etiladi.

Toshkent tumanlari sanoat zonalariga bog‘lanadi: Investorlarga yangi yer maydonlari ajratiladi

Prezidentning «Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2031 yil 1-yanvarga qadar poytaxtda eksperiment tariqasida qator yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Qarorning asosiy maqsadi Toshkent tumanlarini maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash, ularning salohiyatini oshirish va yangi loyihalarni ko‘paytirishdan iborat.

Shu maqsadda har bir tumanga loyihalarni amalga oshirish uchun maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududidan yer maydonlari Toshkent shahar hokimi qarori bilan biriktiriladi.

Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi

Qarorga muvofiq, Olmazor tumanida joylashgan Yoshlar markazi binosida yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish yo‘nalishlarida Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi.

Shuningdek, «Toshkent kitob tijorat» uyushmasi a’zolariga aholi gavjum hududlari, bozorlar, yirik savdo markazlari va markaziy ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar «Book cafe»lar tashkil etishi hamda poytaxtda tashkil etilayotgan 24 soatlik sayilgohlarda «Kitob ko‘chasi» loyihasini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘ladi.

Yangi talablar

Qarorda kitob savdosini yanada ommalashtirishga qaratilgan yangi talab ham belgilandi.

Maydoni 5 ming metr kvadratdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etishning majburiy tartibi joriy qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid