Logo

Toshkentda «Salar» kanalini ifloslantirgan quruvchi kompaniya 2,2 milliard so‘mlik jarimaga tortildi

Bugun 21:302 daqiqa

3-iyul kuni Yakkasaroydagi ko‘p qavatli bino qurilishida kanalizatsiya quvuri o‘pirilib tushgandi.

Toshkentda «Salar» kanalini ifloslantirgan quruvchi kompaniya 2,2 milliard so‘mlik jarimaga tortildi © Foto: gov.uz

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasidagi qurilish vaqtida oqova suvlarni «Salar» kanaliga oqizgan «B.B.» MCHJ jami 2 mlrd 220 mln 40 ming 905 so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Tashkilot tomonidan tabiatni muhofaza qilish, suv va yer kodekslari talablari qo‘pol ravishda buzilganligi sababli suvga yetkazilgan zarar bo‘yicha 2 mlrd 160 mln 13 ming 824 so‘m, tuproq ifloslangani uchun esa 60 mln 27 ming 81 so‘m kompensatsiya belgilangan.

Ekologik monitoring milliy markazi tahlillariga ko‘ra, kanalga hech qanday ruxsatnomasiz va tozalash ishlarisiz 63 936 kub metr suyuq chiqindi tashlangan. Olingan suv namunalari laboratoriyada o‘rganilganda, tarkibida neft mahsulotlari qoldiqlari me’yordan 5,02-marta, azot ammoniy 43,5-marta, kimyoviy kislorod ehtiyoji (XPK) 4,9-marta va muallaq moddalar 13,6-marta yuqoriligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, suyuq chiqindi to‘plangan yer relefidagi tuproq namunalari tarkibida ham neft mahsulotlari belgilangan me’yordan o‘rtacha 5,2-marta oshgani aniqlandi.

Quvur o‘pirilishi va oqova suvning kanalga burilishi

Mazkur holat 3-iyul kuni ko‘p qavatli turar joy binosini qurish jarayonida sodir bo‘lgan. Qurilish obyektida kanalizatsiya tarmog‘idagi texnik nosozlik oqibatida diametri 1 800 mm bo‘lgan asosiy quvurga shikast yetgan va uning bir qismi o‘pirilib tushgan. Natijada suv toshib, yer qoplamasining qisman cho‘kishi kuzatilgan.

Quvur yorilishi oqibatida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar esa quruvchilar tomonidan maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Salar» kanaliga tashlangan. 6-iyul kuni Ekologiya boshqarmasi rahbariyati, laboratoriya mutaxassislari va tuman inspektorlari ishtirokida tezkor ishchi guruh voqea joyiga chiqib, oqova suvning kanalga oqizilish holatini tasdiqlagan edi.

Teglar

Mavzuga oid