Logo

Past daromadli oilalar pulining uchdan bir qismini ta’limga sarflaydi – tadqiqot

Bugun 19:555 daqiqa

Kam ta’minlangan oilalar ta’lim uchun o‘z daromadining nisbatan katta qismini sarflayotgan bo‘lsa-da, lekin ular farzandlarining minimal bilim darajasiga erishishi boyroq oilalar farzandlariga nisbatan 3 barobar past. Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi O‘zbekistonda ta’limdagi tengsizlikka ta’sir qilayotgan omillarni o‘rgandi.

Past daromadli oilalar pulining uchdan bir qismini ta’limga sarflaydi – tadqiqot

Eng kam daromadli oilalar umumiy iste’mol xarajatlarining 28 foizini maktab ta’limiga sarflaydi. Bu haqda “Ijtimoiy-siyosat laboratoriyasi” o‘tkazgan tadqiqotida keltirilgan.

Eng yuqori daromadli oilalarda esa bu ko‘rsatkich 14,3 foizni tashkil etadi. Chunki daromadi yuqori oilalar pul hisobida ko‘proq xarajat qilishi mumkin. Biroq kam ta’minlangan oilalar uchun ta’lim xarajatlari oilaviy budjetning ancha katta qismini egallaydi. Bu esa boshqa zarur ehtiyojlar — oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash yoki uy-ro‘zg‘or xarajatlarini qisqartirish evaziga qoplanishi mumkin.

ChatGPT Image 29-iyul. 2026 г., 15_00_44

Boshqacha aytganda, kam ta’minlangan oilalarning budjetida ta’lim xarajatlari   ancha katta o‘rin egallaydi.

Daromad oshgani sari shahar oilalari darsliklar, kanselyariya buyumlari va qo‘shimcha ta’lim resurslariga qishloq oilalariga qaraganda ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Bu ta’limdagi imkoniyatlar tafovuti vaqt o‘tishi bilan yanada chuqurlashishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Oilaviy sharoit va bilim natijalari

Boyroq oilalarda ulg‘ayayotgan o‘quvchilarning minimal bilim darajasiga erishishi kam daromadli oila farzandlariga nisbatan qariyb uch baravar yuqori. Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘quvchining maktabdagi muvaffaqiyati faqat uning qobiliyati yoki mehnatiga bog‘liq emas. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, yashash sharoiti, gadjetlardan foydalanish imkoniyati va ta’lim olayotgan maktab sifati ham muhim.

PISA metodologiyasiga ko‘ra, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari 1-darajadan 6-darajagacha baholanadi. Shundan 2-daraja o‘quvchi egallashi zarur bo‘lgan minimal bilim va ko‘nikmalar chegarasi hisoblanadi. Bu darajaga erishgan o‘quvchi kundalik hayotda uchraydigan oddiy matematik masalalarni yecha oladi, matn mazmunini tushunadi va olgan bilimini amaliyotda qo‘llay oladi:

ChatGPT Image 29-iyul. 2026 г., 15_27_50

Masalan, matematikadan ushbu darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi 1-detsilda 10 foiz, 10-detsilda esa 33 foizni tashkil etadi. O‘qish savodxonligida bu ko‘rsatkich mos ravishda 6 va 23 foiz, tabiiy fanlarda esa 10 va 29 foizni tashkil etgan.

Tadqiqotda o‘quvchilar oilasining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab 10 ta teng guruh — detsillarga ajratilgan. Oddiy qilib aytganda, agar 100 nafar o‘quvchini oilasining daromadi, ota-onasining ma’lumoti va uy sharoitiga qarab tartiblansa, eng past ko‘rsatkichga ega 10 foizi 1-detsil ,eng yuqori ko‘rsatkichga ega 10 foizi esa 10-detsilni tashkil etadi. Bu usul o‘quvchilar o‘rtasidagi imkoniyatlar tafovutini aniqroq ko‘rishga yordam beradi.

O‘quvchilarning natijalari 1-detsildan 6-detsilgacha keskin o‘zgarmaydi. Sezilarli o‘sish faqat 7-detsildan boshlab kuzatiladi.  Ya’ni bu – oilaning moddiy va ijtimoiy sharoiti ma’lum darajaga yetmaguncha, ta’lim natijalarida jiddiy o‘zgarish bo‘lmasligini anglatadi.

Bunday holat bir qarashda paradoksdek tuyulishi mumkin. Chunki maktab bir xil dastur asosida ishlaydi, darsliklar ham deyarli bir xil. Ammo o‘quvchi maktabdan tashqarida qanday muhitda yashayotgani, uyida kitob, komputer yoki internet bor-yo‘qligi, ota-onasining ta’lim darajasi va farzandiga qanday sharoit yaratib bera olishi uning bilim natijalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Komputer va internetdan foydalanish imkoniyati

Eng kam ta’minlangan oilalarda yashovchi o‘quvchilarning atigi 28 foizi uyida komputer yoki planshetga ega. Eng yuqori ijtimoiy-iqtisodiy guruhda esa bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.

Shuningdek, bir xil daromadga ega oilalar solishtirilganda ham qishloqdagi o‘quvchilarning komputerli bo‘lish ehtimoli shahardagilarga nisbatan pastroq. Demak, ta’limdagi tengsizlikni faqat oilaning daromadi bilan izohlab bo‘lmaydi. Yashash hududi va infratuzilma ham muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Muammo faqat oila daromadidami?

Ko‘pincha o‘quvchilarning bilim darajasidagi tafovut oilaning moddiy ahvoli bilan izohlanadi. Biroq tadqiqot natijalari masalaning bundan murakkabroq ekanini ko‘rsatmoqda.

Hisobotda qo‘llangan Oaxaca–Blinder dekompozitsiyasi natijalariga ko‘ra, boy va kambag‘al oilalar farzandlari o‘rtasidagi bilimlar tafovutining yarmidan ko‘pi maktab omillari bilan izohlanadi. Bu o‘quvchilarning bilim natijalariga ular tahsil olayotgan maktabning sifati ham ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.

Qizig‘i, qishloq va shahar o‘quvchilari o‘rtasidagi bilimlar tafovutini faqat yashash joyi bilan izohlab bo‘lmaydi. Dastlabki natijalarda shahar o‘quvchilari qishloqdagi tengdoshlariga nisbatan yuqori natija ko‘rsatayotgandek tuyuladi. Biroq boshqa omillar ham hisobga olinganda, bu farq sezilarli darajada qisqaradi.  Bu esa o‘quvchilarning bilim natijalariga qishloq yoki shaharda yashashi emas, balki oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, maktab sifati va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati kabi omillar ko‘proq ta’sir qilayotganini bildiradi.

Ota-onalar faolligi va imkoniyatlar

MICS 2021–2022 ma’lumotlarida qayd etilishicha, O‘zbekistonda ota-onalarning aksariyati farzandining ta’lim jarayonida faol ishtirok etadi. Ular ota-onalar yig‘ilishlarida qatnashadi, uy vazifalarini nazorat qiladi, o‘qishdagi yutuq va muammolar bilan muntazam qiziqadi. Bu ko‘rsatkich deyarli barcha ijtimoiy-iqtisodiy guruhlarda 90 foizdan yuqori. Demak, ta’limdagi tafovutni ota-onalarning befarqligi bilan izohlash qiyin.

Asosiy farq ota-onaning istagida emas, balki bu istakni amalga oshirish imkoniyatida ko‘rinadi. Masalan, ota-ona farzandiga qo‘shimcha topshiriqlar ishlashini aytishi mumkin. Lekin uyda komputer yoki internet bo‘lmasa, qo‘shimcha resurslardan foydalanishning imkoni bo‘lmaydi. Yoki farzandini ixtisoslashtirilgan maktabga tayyorlashni xohlaydi, biroq pulli tayyorlov kurslari oila uchun qimmatlik qilishi mumkin.

Ta’limdagi tafovutni kamaytirish uchun tavsiyalar

Hisobot muallifi Ulug‘bek Tursunov ta’limdagi tengsizlikni kamaytirish uchun bir qator amaliy tavsiyalarni ilgari suradi.

Birinchidan, maktablar o‘rtasidagi ta’lim sifati tafovutini qisqartirish zarur. Nisbatan quyi ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oilalar farzandlari ko‘proq o‘rtacha o‘zlashtirish darajasi past bo‘lgan maktablarda tahsil olmoqda. Shu bois bunday maktablarni aniqlash, ularning faoliyatini muntazam monitoring qilish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan choralarni kuchaytirish lozim.

Ikkinchidan, past daromadli oilalar farzandlarining ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish kerak. Buning uchun maqsadli dasturlarni ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Uchinchidan, ixtisoslashtirilgan maktablar qoshida past daromadli oilalar farzandlari uchun kirish imtihonlariga bepul tayyorlov kurslarini tashkil etish taklif etilganadi. Bunday kurslar ushbu toifadagi o‘quvchilarning ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinish ehtimolini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Hisobotdan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, o‘quvchilarning akademik natijalari faqat oilaning iqtisodiy holati bilan belgilanmaydi. Maktabdagi ta’lim sifati, komputer, internet va boshqa ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati ham natijalarga ta’sir qiladi. Shu sababli oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan, maktablar o‘rtasidagi sifat tafovutini qisqartirish va barcha bolalar uchun teng ta’lim sharoitini yaratish uchun ta’limdagi tafovutni kamaytirish kerak bo‘ladi.

Avvalroq Vaqt.uz   PISA 2022 natijalari yuzasidan ekspertlar va Ta’lim vazirligi vakillari ishtirokidagi muhokamalarni tahlil qilgan edi.

Muallif: Diyora Xabibullayeva

 

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid