
662 ming xonadon tomorqasiga 25–30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi
16.06.2025 | 14:009672
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida qator sohalardagi muammolarni tahlil qilib, ularning aniq yechimlarini ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, tomorqalarni suv bilan ta’minlash ishlariga katta mablag‘ ajratilgani, ammo ekindan daromad olish mexanizmi yetarli yo‘lga qo‘yilmayotgani tanqid qilindi.
Yil boshidan 867 ta og‘ir toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu orqali 662 ming xonadon tomorqasiga, jami 80 ming gektar yerga 25–30 yil ichida ilk bor suv yetib borgan. Ammo bu maydonlarda serdaromad ekinlar ekish, yiliga 2–3 marta hosil olishni o‘rgatish va unga mos tizim yaratishda susish kuzatilmoqda.
Prezident: «Tomorqaga suv yetkazish uchun sarflangan 1 so‘m hisobidan hech bo‘lmaganda 2–3 so‘mlik mahsulot yaratilsa, 662 ming oila mavsumda qo‘shimcha 5–6 million so‘m daromad ko‘radi!» — deb ta’kidladi.Misol tariqasida, Qoraqalpog‘istondagi 89 ta mahallaga 150 milliard so‘m ajratilgan. Davlat rahbari ushbu mablag‘ hisobiga tomorqalardan 350–400 milliard so‘mlik qo‘shimcha mahsulot yetishtirish bo‘yicha aniq tizim yaratish vazifasini mutasaddilar zimmasiga yuklatdi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, aholining tomorqasini samarali yuritish nafaqat shaxsiy daromad manbai, balki ichki bozorni mahsulot bilan to‘ldirish, inflyatsiyani jilovlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.





