
934 ta «AAA» toifali tadbirkorga 1,3 trln so‘m QQS qaytarildi
08.07.2025 | 12:2010002
2025 yilning birinchi yarmida «AAA» toifasidagi 934 ta tadbirkorlik sub’ektiga 1,3 trln so‘m miqdoridagi QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) summasi bir kunda qaytarildi. Bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshirildi va hech qanday kameral tekshiruv talab etilmadi.
Soliq kodeksining 60-moddasiga ko‘ra «AAA» toifasi Soliq qo‘mitasi tomonidan joriy qilingan barqarorlik reytingining eng yuqori bosqichidir. Ushbu reyting orqali qonunchilik talablariga rioya qilgan, moliyaviy faoliyati shaffof tadbirkorlar saralanadi va ularga bir qator imtiyozlar beriladi.
Jumladan, «AAA» toifali sub’ektlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (https://lex.uz/ru/docs/-4674902#-4679249)(jinoyat ishlari doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno), hamda ularning QQS summasi bir kun ichida qaytariladi. Bu tartib Soliq kodeksining 137 va 274-moddalarida nazarda tutilgan.
Biroq ushbu imtiyozlar davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslarga taalluqli emas. Bu, asosan, xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbir hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda «AAA» toifasidagi 1 099 ta sub’ektga 1,93 trln so‘m QQS bir kunda, hech qanday tekshiruvsiz qaytarib berilgan edi.





