Afg‘oniston Markaziy Osiyoning janubga chiqish ko‘prigiga aylana oladimi?
Yillar davomida Afg‘oniston mintaqada asosan xavfsizlik, beqarorlik va chegaradagi xavf bilan bog‘liq davlat sifatida ko‘rib kelindi. Ammo O‘zbekiston bu qarashni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. 2021-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi taxminan 674 mln dollar edi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 2,5 baravar oshgan.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan savdoni rivojlantirish, elektr energiyasi va boshqa energetika loyihalarini amalga oshirish, transport aloqalarini yaxshilashga harakat qilmoqda.
Toshkent Afg‘onistonni Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni bog‘laydigan ko‘prik sifatida ko‘rmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ham tez rivojlanmoqda. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan savdo hajmi 2021-yilda taxminan 674 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,68 milliard dollarga yaqinlashdi. Afg‘oniston O‘zbekiston eksport mahsulotlari uchun muhim bozorlardan biriga aylandi.
Chegaradagi savdo va transport infratuzilmasi ham rivojlanmoqda. Masalan, Termiz xalqaro savdo markazi faoliyati kengaymoqda. Shuningdek, Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘li bo‘yicha ham hamkorlik davom etmoqda.
O‘zbekiston bundan tashqari, yanada katta loyiha — Afg‘oniston orqali Pokistonga chiqadigan Transafg‘on temiryo‘lini qurishni ham ilgari surmoqda. Agar bu loyiha amalga oshsa, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z mahsulotlarini Afg‘oniston orqali Pokiston va Janubiy Osiyoga olib chiqishi, shu orqali yangi savdo yo‘llariga ega bo‘lishi mumkin. Lekin bu katta rejaning kelajagi hali aniq emas.
Transafg‘on temiryo‘li hali to‘liq qurilish bosqichiga kirmagan, uni moliyalashtirish masalasi ham hali to‘liq hal qilinmagan. Bundan tashqari, loyiha foydali bo‘lishi uchun temiryo‘l orqali yetarlicha katta va doimiy yuk tashish hajmi bo‘lishi kerak. Yana boshqa muammolar ham bor. Masalan, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskin munosabatlar, Amudaryo suvidan foydalanish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar va Afg‘onistonning ushbu tranzit loyihalaridan o‘zi qanchalik iqtisodiy foyda olishi masalasi loyihaning kelajagiga ta’sir qilishi mumkin.
Qisqasi, O‘zbekiston Afg‘onistonni faqat xavf va muammo manbai sifatida emas, balki savdo, transport va iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyat sifatida ko‘rishga harakat qilmoqda. Ammo bu rejalarning qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishi hali ko‘p omillarga bog‘liq.
2021-yilda «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan keyin O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda amalda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Bu siyosat haqiqatan ham natija berayotganini ko‘rsatadigan eng muhim misollar qaysilar?
Masalani ikki qismga ajratsa bo‘ladi. Birinchisi — O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar. Bu borada natijalar allaqachon ancha ko‘rinib turibdi. Ikkinchisi esa — Afg‘onistonni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport va savdo ko‘prigiga aylantirish g‘oyasi. Bu yo‘nalishda ham ishlar ketmoqda, lekin hali to‘liq amalga oshirilgani yo‘q.
2021-yildan keyingi eng katta o‘zgarish shundaki, O‘zbekiston Afg‘oniston bilan avvalgi iqtisodiy aloqalarni shunchaki saqlab qolish bilan cheklanmay, ularni rivojlantirish uchun savdo, transport va boshqa infratuzilmalarni tizimli ravishda yaratishni boshladi. Ya’ni hamkorlik ancha tartibli va rasmiy tus oldi. Buning eng yaqqol misoli — savdo hajmining oshishi.
2021-yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi taxminan 674 million dollar edi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 1,14 milliard dollarga, 2025-yilda esa deyarli 1,68 milliard dollarga yetdi. Demak, 2021-yilga nisbatan ikki davlat o‘rtasidagi savdo qariyb 2,5 baravar oshgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston O‘zbekiston mahsulotlarini sotish uchun muhim bozorlardan biriga aylandi. 2025-yilda O‘zbekistonning Afg‘onistonga eksporti taxminan 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Ikkinchi muhim natija — savdo qilish uchun zarur infratuzilmaning yaratilishi. Masalan, 2024-yil avgust oyida Termiz xalqaro savdo markazi rasman ochildi. Bu shunchaki siyosiy loyiha emas. Markaz afg‘on tadbirkorlariga O‘zbekistonga kirib kelish va savdo qilishni osonlashtiradi. Ularga maxsus viza tartibi, savdo joylari va turli xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
O‘zbekiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda 800 mingdan ortiq afg‘on fuqarosi ushbu markazga tashrif buyurgan. Markaz orqali amalga oshirilgan eksport hajmi esa taxminan 320 million dollar bo‘lgan. Yana bir muhim o‘zgarish — ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining yanada rasmiylashgani. 2025 yil may oyida O‘zbekiston Kobul va Mozori Sharif shaharlarida savdo uylarini ochdi. 2025-yil iyun oyida esa ikki davlat imtiyozli savdo kelishuvini imzoladi. Shuningdek, Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘li bo‘yicha ham hamkorlik davom etmoqda. Ushbu temiryo‘lga xizmat ko‘rsatish ishlarini O‘zbekiston tomoni amalga oshirishda davom etmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalish — energetika. 2024-yilda O‘zbekiston Afg‘onistonga taxminan 1,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi eksport qildi. Uning qiymati 90 million dollardan oshgan. Hozir esa hamkorlik faqat elektr sotish bilan cheklanib qolmay, yangi energetika infratuzilmasini qurish tomon ham rivojlanmoqda. Bunga uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan Surxon–Puli-Xumri 500 kV elektr uzatish liniyasi misol bo‘la oladi. Lekin bu yutuqlarni Afg‘oniston allaqachon Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘liq ishlayotgan transport ko‘prigiga aylandi, deb baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu jarayon hali tugallanmagan.
Eng katta loyihalardan biri — O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston bilan bog‘laydigan Transafg‘on temiryo‘li. Bu loyiha hali ishlab chiqilish bosqichida. Lekin unda ham aniq qadamlar tashlangan. Masalan, 2025-yil iyul oyida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston uch tomonlama kelishuv imzoladi. Ushbu kelishuv temiryo‘l loyihasining imkoniyatlarini o‘rganish va uning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlashga qaratilgan.
Lekin hozircha bu natijalar asosan ikki davlat o‘rtasidagi savdo, chegaraoldi aloqalari va iqtisodiy hamkorlikda ko‘rinmoqda. Endi asosiy masala — shu yutuqlarni yanada kengaytirib, Afg‘onistonni haqiqiy ma’noda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan savdo va transport yo‘liga aylantira olishdir.
Termiz va Hayraton hozirning o‘zida O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi eng rivojlangan transport aloqasi hisoblanadi. Transafg‘on temiryo‘lini kutmasdan, bu yo‘nalishni yana qanchalik rivojlantirish mumkin?
Transafg‘on temiryo‘li qurilishini kutmasdan ham Termiz–Hayraton yo‘nalishini ancha rivojlantirish imkoniyati bor. Qisqa muddatda juda katta yangi infratuzilma qurishdan ko‘ra, chegaradagi nazorat, bojxona, terminallar va logistika tizimini yaxshilash ko‘proq foyda berishi mumkin. Hozir bu yo‘nalishda asosiy infratuzilmalar mavjud. Masalan, Do‘stlik ko‘prigi, avtomobil va temiryo‘l aloqalari, Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘li hamda O‘zbekiston tomonida rivojlanayotgan logistika markazlari bor.
Yuk tashish hajmi ham oshib bormoqda. 2026-yil iyul oyida Surxondaryo viloyati hokimi Afg‘oniston bilan avtomobil, temiryo‘l va daryo orqali yuk tashish ikki baravar oshganini ma’lum qilgan. Buni amaliy jihatdan eng katta natija berishi mumkin bo‘lgan to‘rtta yo‘nalishga ajratish mumkin.
Birinchisi — bojxona va chegara nazoratini tezlashtirish. Yuk mashinasi yoki vagonning chegarada kutib turadigan vaqtini kamaytirish ba’zan yangi temiryo‘l qurish kabi muhim bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston chegaradagi nazorat punktlarida «bir darcha» tizimini joriy qilish, uni E-logistika platformasi bilan yanada bog‘lash, transport vositalarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish va yuklarni internet orqali kuzatishni taklif qilgan.
Ikkinchisi — temiryo‘l terminallarini rivojlantirish. Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘li allaqachon Afg‘oniston shimoliga kirib boradigan ishlayotgan temiryo‘l tizimiga ega. Endi uning imkoniyatlarini yana oshirish mumkin. Buning uchun qo‘shimcha temiryo‘l yo‘laklari qurish, yuk ortish-tushirish texnikalarini yaxshilash, vagonlarni tezroq qabul qilish va jo‘natish hamda terminallarni ta’mirlash kerak.
Uchinchisi — Termiz va Hayratonni bitta katta logistika tizimi sifatida rivojlantirish. Masalan, bojxona nazoratidagi omborlar, sovutkichli omborlar, konteynerlar bilan ishlash joylari va yuklarni birlashtirish markazlarini ko‘paytirish mumkin. Shuningdek, yuk mashinalarining harakatini oldindan aniq rejalashtirish ham tirbandlik va ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.
To‘rtinchisi — avtomobil yuk tashish tizimini soddalashtirish. Turli to‘lovlar, ruxsatnomalar, hujjatlar va transport vositalariga qo‘yiladigan talablarni O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida bir-biriga moslashtirish kerak. Bu yo‘lni tadbirkorlar uchun yanada qulay va arzon qiladi. Eng muhimi, buning uchun hatto yangi temiryo‘lning bir kilometrini ham qurish shart emas.
Transafg‘on temiryo‘li ko‘pincha juda katta o‘zgarishlarga olib keladigan loyiha sifatida taqdim etiladi. Hozirgi holatda qaysi yo‘nalish va uni moliyalashtirish usuli eng real ko‘rinmoqda? Siyosiy qiziqish va katta rejalar hali amalda mavjud bo‘lgan yuk tashish talabidan oldinga chiqib ketish xavfi bormi?
Hozirgi bosqichda Afg‘onistonning shimoliy va markaziy hududlari orqali Pokiston chegarasidagi Xarlachi shahrigacha boradigan sharqiy yo‘nalish eng real variant bo‘lib ko‘rinmoqda. Buning asosiy sababi — bu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida rasmiy texnik ishlar allaqachon boshlangan. 2025-yilda uch davlat Naibobod–Maydon Shahri–Logar–Xarlachi yo‘nalishi bo‘yicha birgalikda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlashga kelishib oldi. Ammo loyihani moliyalashtirish masalasi ancha murakkab.
Temiryo‘l qurilishi bir necha milliard dollar turishi kutilmoqda. Uni faqat xususiy kompaniyalar hisobidan qurish ham qiyin bo‘ladi. Chunki xususiy investor bir vaqtning o‘zida qurilish xarajatlari, siyosiy xavf, xavfsizlik muammolari va temiryo‘ldan qancha yuk o‘tishi noma’lumligi kabi juda ko‘p xavflarni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun eng real variant — bir nechta moliyalashtirish manbasini birlashtirish. Masalan, davlat mablag‘lari, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari hamda xususiy investorlarning terminallar, vagonlar va temiryo‘l faoliyatiga sarmoyasi.
Ya’ni loyihani faqat bitta tomon emas, davlat, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor birgalikda moliyalashtirishi ma’qul. Lekin bu yerda eng muhim savol — temiryo‘l orqali qancha yuk tashiladi? Agar temiryo‘l faqat O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdoga xizmat qilsa, loyiha iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi qiyin bo‘ladi. Temiryo‘l foydali ishlashi uchun Qozog‘iston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan katta miqdorda yuk kelishi, ehtimol Rossiyadan ham yuklar qo‘shilishi, Afg‘onistondan eksport barqaror bo‘lishi va Pokiston portlariga ishonchli chiqish imkoniyati mavjud bo‘lishi kerak. Shuning uchun siyosiy ishtiyoq iqtisodiy haqiqatdan oldinga chiqib ketishi xavfi bor. Ya’ni davlatlar bu loyihani juda muhim va foydali deb hisoblashlari mumkin. Lekin bu hali temiryo‘l avtomatik ravishda moliyaviy jihatdan foydali bo‘ladi degani emas.
Loyihaning strategik ahamiyati juda katta. Chunki u Markaziy Osiyo davlatlariga dengiz portlariga chiqishning yangi yo‘lini beradi va janubga boradigan transport yo‘llarini ancha qisqartirishi mumkin. Ammo strategik jihatdan muhim loyiha har doim ham moliyaviy jihatdan foydali loyiha degani emas. Shuning uchun hozir tayyorlanayotgan texnik-iqtisodiy asosda eng muhim masala — real yuk hajmi, tashish narxlari va temiryo‘lni ishlatish xarajatlarini aniq hisoblash. Ya’ni «temiryo‘lni qursak, keyin katta hajmdagi yuklar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi» degan taxminga tayanmaslik kerak. Avval haqiqatan ham yetarli yuk bo‘ladimi va loyiha o‘z xarajatlarini qoplay oladimi, shuni isbotlash kerak.
Suv masalasi Afg‘onistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida tobora muhim bo‘lib bormoqda. Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini o‘zgartirishi mumkinmi?
Ha, o‘zgartirishi mumkin. Lekin bu masalani Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi suv muammolari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir xil deb qarashga ehtiyot bo‘lish kerak. Bu ikki holatdagi umumiy jihat shundaki, Afg‘oniston suvdan tobora faolroq foydalanayotgan davlatga aylanmoqda. Avvalgi o‘nlab yillar davomida Afg‘onistonda sug‘orish tizimlari yetarlicha rivojlanmagan edi. Shu sababli Markaziy Osiyodagi suv taqsimotiga Afg‘onistonning ta’siri unchalik katta bo‘lmagan. Qo‘shtepa kanali esa bu holatni o‘zgartirmoqda.
Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mavjud suv taqsimoti bo‘yicha kelishuvlarda to‘liq ishtirok etmaydi. Shu bilan birga, Qosh Tepa kanali orqali Afg‘oniston Amudaryodan olinadigan suv miqdorini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Suv masalasi boshqa sabablar tufayli ham tobora noziklashmoqda. Masalan, iqlim o‘zgarishi, muzliklarning kamayishi, aholining ko‘payishi va qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan talabning oshishi sababli mintaqada suv bosimi kuchaymoqda. Ammo Markaziy Osiyo davlatlarining, ayniqsa O‘zbekistonning bunga munosabati boshqa yo‘nalishda rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Qo‘shtepa kanalini qarama-qarshilik yoki janjal masalasi sifatida emas, balki muzokara orqali hal qilinadigan masala sifatida ko‘rmoqda. Prezident Mirziyoyev Afg‘onistonni Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muhokamalarga bevosita jalb qilishni taklif qilgan. Shuningdek, kanalning mintaqaga qanday ta’sir qilayotganini o‘rganish uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va boshqa tomonlar ishtirokidagi qo‘shma ishchi guruh tashkil etish g‘oyasi ilgari surilgan.
Bu yerda asosiy vazifa — Afg‘onistonni suv masalalarida chetda qoldirish emas, balki uni mintaqadagi suv boshqaruvi tizimiga qo‘shish. Buning uchun suv miqdori, undan foydalanish va kanalning ta’siri haqida aniq ma’lumotlar asosida, ochiq va adolatli tizim yaratish kerak.





