Logo

Jazolangan 150 dan ortiq amaldor, nikoh shartnomasiga imtiyoz va muammoli banklarni baholash tartibi — 14-sentabr dayjesti

Bugun 22:304 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bair bor esga olamiz.

Jazolangan 150 dan ortiq amaldor, nikoh shartnomasiga imtiyoz va muammoli banklarni baholash tartibi — 14-sentabr dayjesti

O‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga bormasdan ariza topshirishi mumkin

15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga 60 kunlik vizasiz kirish tartibi bekor qilinadi va sayyohlar endilikda Thai E-Visa elektron tizimi orqali turistik viza olishlari shart bo‘ladi. O‘zbekiston viza masalalari bo‘yicha Tailandning Moskvadagi elchixonasi yurisdiksiyasiga kirsa-da, konsullik yig‘imini to‘lash uchun Moskvaga borish shart emas — to‘lovni Toshkentdagi «Lilavadi Consult» vositachi kompaniyasi orqali so‘mda amalga oshirish yoki Moskvadagi tanishlar yordamida elchixonaga topshirish imkoniyati mavjud. Konsullik yig‘imi $40 (taxminan 480 ming so‘m), vositachi xizmati esa 420 ming so‘mni tashkil etadi.

Vizaga onlayn ariza topshirishda aviachiptalar, mehmonxona broni va shaxs boshiga kamida 20 ming tay bati (qariyb $700) qoldig‘ini tasdiqlovchi uch oylik ingliz tilidagi bank ko‘chirmasi talab qilinadi. Hujjatlar ingliz tilida yoki notarial tarjimasi bilan topshirilishi kerak. Viza pasportga yopishtirilmasdan, elektron shaklda pochtaga yuboriladi va uni qog‘ozda chop etib olish kifoya. Uch oy muddatga beriladigan ushbu viza bilan mamlakatda qolishning aniq muddati chegara nazorati xodimi tomonidan belgilanadi.

Banklarni sanatsiya qilishda baholash tartibi belgilandi

Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 14-avgustdagi qarori bilan moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan banklarni sanatsiya qilish (sog‘lomlashtirish va qayta tiklash) jarayonida mustaqil baholash o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjat baholovchi tashkilotlarni tanlash va tayinlash mezonlarini, ularning malakasi, tajribasi hamda mustaqilligiga qo‘yiladigan qat’iy talablarni belgilab beradi.

Shuningdek, nizomda baholash davomida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, hisobotlarni rasmiylashtirish va ularning qisqacha mazmunini ommaga e’lon qilish mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Aksiyadorlar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida sanatsiya natijasida shakllanadigan aktivlar qiymati bank majburiy tugatilgan taqdirda olinishi mumkin bo‘lgan qiymat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qiyoslanadi, bu esa jarayonning shaffofligini ta’minlaydi.

Aholi murojaatlarini hal qilmagan 151 mansabdor ishdan olindi

Aholi murojaatlarini hal qilmagan 151 mansabdor ishdan olindi
Prezident Xalq qabulxonalari ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–avgust oylarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga chora ko‘rish yuzasidan davlat tashkilotlariga 5 ming 486 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi, 833 kishiga hayfsan berildi, 150 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi va 1 335 nafari rasman ogohlantirildi. Bundan tashqari, 89 nafar xodim jarimaga tortilib, 8 nafarining lavozimi pasaytirilgan.

Tahlillar fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda eng ko‘p kamchiliklar bandlik, mahalla, Majburiy ijro byurosi, sog‘liqni saqlash, prokuratura, ijtimoiy himoya va energetika tizimlarida qayd etilganini ko‘rsatdi. Xalq qabulxonalari aybdorlarga intizomiy chora ko‘rish bilan cheklanmay, tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida murojaatlar ko‘p tushayotgan 10 ga yaqin tashkilotda o‘quv-amaliy seminarlar ham tashkil etgan.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qariyb 12 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seulda Koreya Prezidenti Li Je Myon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda alohida strategik sheriklikni kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishi — savdo aloqalari, investitsiyalar hajmi, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik belgilab olindi. Tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlandi hamda Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Muzokaralarda axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika yo‘nalishlarida mustahkam innovatsion va texnologik alyans tuzish, shuningdek, harbiy-texnik hamkorlikni kuchaytirish masalalari kelishib olindi. Shu bilan birga, navbatdagi Hududlararo forum Samarqandda o‘tkazilishi, ta’lim sohasida kadrlar tayyorlash dasturlari davom ettirilishi hamda gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2027 yilni «Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili» deb e’lon qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Nikoh shartnomasi tuzgan juftliklar uchun davlat boji bekor qilinishi rejalashtirilmoqda

Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova Senat majlisida ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda nikoh shartnomasi tuzgan fuqarolarni nikohni qayd etish uchun davlat boji (hozirda BHMning 20 foizi — 88 ming so‘m) to‘lashdan ozod etish taklif etilmoqda. Ushbu yangilik nikoh shartnomasi institutini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, tegishli qonun loyihasi Prezident administratsiyasiga kiritilgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda rasmiy nikohlar soni yil sayin kamayib bormoqda: 2026 yilning birinchi yarim yilligida 92,3 mingta nikoh qayd etilgan (2022 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 108,9 mingta bo‘lgan).

Shuningdek, voyaga yetmaganlar nikohi, erta homiladorlik va tug‘ruq holatlari bo‘yicha majburiy xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Mas’ul mansabdor shaxslar yoki xodimlar tomonidan ichki ishlar organlariga xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan. Bu yo‘nalishda profilaktika uch bosqichli tizim (mahalladagi manzilli ishlar, tumanlararo idoralar hamkorligi hamda hududiy darajada «erta nikoh xavfi indeksi» asosidagi yagona monitoring) orqali amalga oshiriladi.

Teglar

Mavzuga oid