Logo

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qariyb 12 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev va Li Je Myon Seulda muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qariyb 12 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi © Foto: president.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya prezidenti Li Je Myon bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Koreya Respublikasi prezidenti O‘zbekiston rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida rivojlanib kelayotgan munosabatlar tarixida muhim voqea ekanini qayd etdi.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi o‘tgan yillar davomida mamlakatning ishonchli do‘sti va eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan biriga aylanganini ta’kidladi.

Bu borada tovar aylanmasi va investitsiyalar ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekistonda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston bozorida “Samsung”, “LG”, “Lotte”, “Young One”, “BOMI”, “KIA” va boshqa yirik kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jizzax viloyatidagi “KIA” avtomobillarini ishlab chiqarish quvvatlari, Milliy bolalar tibbiyot markazi, Surgil koni negizidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi va boshqa yirik loyihalar investitsiyaviy hamkorlikning yorqin namunalaridir.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Eksimbanki va “EDCF” jamg‘armasi bilan hamkorlik doirasida tibbiyot va sog‘liqni saqlash, sanoat, AKT, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, infratuzilma, ta’lim sohalarida o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muzokaralar davomida parlamentlar, vazirlik va idoralar, hudud rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishini aytib o‘tdi.

Bular – savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar, transport va infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirish.

Joriy tashrif yakunlari bo‘yicha investitsiya portfeli ko‘lami yanada kengayadi. Xususan, umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.

Tomonlar Koreyaning ilg‘or texnologiyalari hamda Yangi O‘zbekistonning resurslar va sanoat borasidagi salohiyatiga asoslangan mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Alyans faoliyatini axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohalari hamda tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatida yuqori texnologiyali va raqamli yechimlarni joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga qaratish taklif etildi.

Harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish va harbiy mutaxassislarni o‘qitishga tayyorlik bildirildi.

Tashrif arafasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik tarixida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholandi. Keyingi forumni Samarqand shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Prezidentlar muzokaralar davomida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berdilar.

O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritib, pedagogika, AT, muhandislik, raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy iqtisodiyotning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda KOICA ko‘magida tashkil etilgan 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar yoshlarimizga kelgusida qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishiga keng imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Kadrlar tayyorlash bo‘yicha amaliy tajriba almashishda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.

Munosabatlarni rivojlantirishda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan madaniy almashinuv muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

O‘zbekiston rahbari ko‘p sonli koreys diasporasi O‘zbekiston ko‘p millatli oilasining ajralmas qismi hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi “ma’naviy ko‘prik” ekanini ta’kidladi.

Ushbu o‘ziga xos gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida 2027 yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish hamda qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yakunda muhokama qilingan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari yaqinligi ham tasdiqlandi.

Teglar

Mavzuga oid