Logo

Raqobat qo‘mitasi «Hududiy elektr tarmoqlari»ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Bugun 20:462 daqiqa

Bunga tadbirkorlardan elektr tarmog‘iga qayta ulanish uchun jami 5,5 mlrd so‘m asossiz ravishda undirilgani sabab bo‘lgan.

Raqobat qo‘mitasi «Hududiy elektr tarmoqlari»ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tadbirkorlardan tarmoqqa qayta ulanish uchun jami 5,5 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘lovlar undirilgani alomatlari aniqlangan.

Mazkur qonunbuzilish holatlari Biznes-ombudsman tomonidan Raqobat qo‘mitasiga taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilish jarayonida yuzaga chiqqan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 23-avgustdan joriy yilning fevral oyiga qadar respublika bo‘yicha tadbirkorlik subyektlaridan jami 965 ta holatda qayta ulanish uchun noqonuniy to‘lov undirilgan hamda asossiz daromad olingan.

Bekor qilingan to‘lovlar va qonunchilik talablari

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin korxonalarni elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lovlarni qo‘llash bekor qilingan», - deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, davlat organlari mazkur normalarning qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu talablarni amalga oshirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, tarmoqdan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun undiriladigan barcha to‘lovlar rasman bekor qilingan.

Shunga qaramay, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan to‘lovlarni undirish amaliyoti davom ettirilgan.

«Ayni vaqtda mazkur holat manfaatdor davlat organlari ishtirokida har tomonlama o‘rganilib, huquqiy baho berilmoqda», — deya qayd etadi Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qo‘mita tomonidan ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid