
AJR Qora-sedana noqonuniy reklamasi uchun jarima qo‘llanildi
Biologik faol qo‘shimcha davolash hususiyatiga ega deb mashhur insonlar tomonidan reklama qilingani qonunbuzarlikka sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda «AJR QORA-SEDANA» biologik faol qo‘shimchasi reklamalarida mahsulot turli kasalliklarga qarshi samarali ekani haqida asoslanmagan da’volar tarqatilgani aniqlandi. Bu holat O‘zbekistonning reklama qonunchiligi talablariga zid deb topildi.
Xususan, reklama videolari va postlarida ushbu qo‘shimcha oshqozon kasalliklarini davolashi, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirishi, shuningdek, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi ta’sirga ega ekani targ‘ib qilingan. Mazkur da’volar mahsulotning rasmiy qo‘llash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan xususiyatlar bilan mos kelmaydi.
Reklamalarda bir qator taniqli shaxslar ishtirok etgani orqali aholini mahsulotning go‘yoki davolash xususiyatiga ishontirishga urinishlar kuzatilgan. Mutaxassislar bu kabi usullar iste’molchilarni chalg‘itishga va salomatlik bilan bog‘liq noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Raqobat qo‘mitasi so‘roviga asosan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan berilgan xulosada «AJR QORA-SEDANA» biologik faol qo‘shimcha hisoblanishi, u dori vositasi emasligi qayd etildi. Shuningdek, reklamada keltirilgan ma’lumotlar mahsulotning tasdiqlangan qo‘llanish sohasiga to‘g‘ri kelmasligi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, BFQ reklamalari:
Dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega mahsulot sifatida talqin qilinmasligi;
Ulardan foydalangan shaxslarning davolanganligi yoki ahvoli yaxshilanganligi haqidagi misollarni o‘z ichiga olmasligi;
Foydalanuvchilarning minnatdorlik bildiruvlarini aks ettirmasligi;
Sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
Tadqiqotlar va davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlardan dori vositasiga nisbatan afzallik sifatida foydalanmasligi;
Bolalar tasviridan foydalanmasligi shart.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan «SANNO TM OCEAN» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shu bilan birga, qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.





