
Alisher Qodirovdan yangi taklif: ayollar uchun yengil jazolarni qayta ko‘rib chiqilishi kerak
23.07.2025 | 18:2029318
«Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Jinoyat kodeksida ayollar uchun mavjud yengillashtiruvchi moddalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, bunday «insoniylik» jinoyatlarning yanada ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.

Alisher Qodirov Toshkentda ro‘y bergan dahshatli voqeadan so‘ng ayollar uchun belgilangan yengil jazo choralarini tanqid qildi. Uning fikricha, ikki yoshli bolaning o‘limi uchun atigi olti yil qamoq jazosi juda yumshoq. Qodirov Jinoyat kodeksida ayollar uchun mavjud yengillashtiruvchi moddalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, bunday «insoniylik» jinoyatlarning ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Voqea 2025 yil 11 iyul kuni Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida yuz bergan. Sud bu shov-shuvli ish bo‘yicha hukm chiqardi. Tergovga ko‘ra, bog‘cha tarbiyachisi va metodisti bolani muntazam ravishda kaltaklagan: yuziga urgan, tepgan, karavot va polga otgan.
So‘nggi marotaba qattiq kaltaklangach, bola hushini yo‘qotgan va ikki kundan keyin kasalxonada vafot etgan.
 
Qodirov: «Bu — jinoyatga undovchi insoniylik emasmi?»
Uning aytishicha, bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan tarbiyachiga atigi 6 yil qamoq jazosi tayinlangani adolatsizlikdir. Qodirov Jinoyat kodeksining 50-moddasini misol keltirib, ayol jinoyatchilar uchun jazo avtomatik tarzda yengillashtirilishini tanqid qildi.
«Har qanday ayol, jinoyat og‘irmi-yengilmi — hattoki odam o‘ldirgan bo‘lsa ham — to‘liq jazoning uchdan ikki qismini oladi. Bu, aslida, jinoyatga undovchi «insoniylik» emasmi?» — deydi Qodirov.Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya bu moddani soha mutaxassislari bilan muhokama qilib, uni o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy taklif kiritmoqchi. Shuningdek, Qodirov ta’lim tizimida ham muhim o‘zgarishlar kerakligini ta’kidladi. U quyidagi takliflarni ilgari surdi:
- Tarbiya va ta’lim sohasida ishlovchi xodimlar uchun pensiya yoshini 50 yoshgacha tushirish;
 - Pensiya yoshiga yetgan shaxslarning bolalar bilan bevosita ishlashini cheklash;
 - Ta’lim tizimidagi kadrlarni yangilash va malakali yosh mutaxassislarni jalb etish.
 





