Logo

Parij kelishuvi puchga chiqdimi? BMT global isishning halokatli oqibatlaridan ogohlantirdi

Bugun 09:401 daqiqa

Guterrish global isishning halokatli oqibatlari — toshqinlar, jazirama va o‘rmon yong‘inlari allaqachon dunyo bo‘ylab insonlar o‘limiga va iqtisodiyotning izdan chiqishiga sabab bo‘layotganini aytdi.

Parij kelishuvi puchga chiqdimi? BMT global isishning halokatli oqibatlaridan ogohlantirdi

Yer sayyorasida global isish darajasi joriy asr oxiriga kelib 2,8 darajaga yetishi mumkin. Bu haqda BMT Atrof-muhit dasturining (UNEP) yangi hisobotida ma’lum qilindi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, 2015 yilgi Parij kelishuvida belgilangan 1,5 darajalik isish chegarasidan o‘tib ketishning oldini olish endi imkonsiz.

«Buning oqibatlari allaqachon halokatli tus olmoqda: halokatli toshqinlar, shafqatsiz jazirama issiqliklar, o‘rmon yong‘inlari, odamlarning qurbon bo‘lishi, falaj bo‘lgan iqtisodiyot va kuchayib borayotgan tengsizlik. Bundan eng kam aybdor bo‘lganlar birinchi bo‘lib va eng ko‘p aziyat chekmoqda», — dedi Guterrish. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda asosiy maqsad ushbu chegaradan o‘tish miqdorini iloji boricha past darajada saqlab qolishdir.

Tashkilot hisobotiga ko‘ra, isish darajasini asr o‘rtalarigacha 1,7–1,8 darajada ushlab turish uchun global issiqxona gazlari tashlamalari 2035 yilga qadar har yili 6 foizga kamayishi kerak. Biroq ko‘mir, neft va gazdan foydalanish oqibatida chiqindilar miqdori hamon o‘sishda davom etmoqda. BMT Atrof-muhit dasturi rahbari Inger Andersonning aytishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishi chiqindilarni kamaytirish mumkinligini isbotlamoqda, biroq hukumatlar tomonidan berilgan eng ambitsiyali va’dalar bajarilgan taqdirda ham, global isishni faqat 2,1 darajagacha cheklash mumkin.

Teglar

Mavzuga oid