
Android noma’lum dasturchilar ilovalarini bloklaydi
27.08.2025 | 11:1520393
Google kompaniyasi Android foydalanuvchilarini himoya qilish maqsadida 2026 yildan noma’lum ishlab chiquvchilarning ilovalarini bloklashni boshlaydi.

Google Android qurilmalar xavfsizligini kuchaytirish uchun yangi qoidalar joriy etdi. Endi tekshirilmagan ishlab chiquvchilarning ilovalarini o‘rnatish imkoni bo‘lmaydi. Bu cheklov faqat Google Play bilan cheklanib qolmaydi — boshqa ilova do‘konlari orqali tarqatiladigan dasturlar va internetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklab olinadigan «apk» fayllariga ham taalluqli bo‘ladi.
Kompaniyaning aytishicha, bundan asosiy maqsad Android foydalanuvchilarini zararli dasturlardan himoya qilish va qurilmalar xavfsizligini oshirishdan iborat.
Google insayderlari ma’lumotiga ko‘ra, rasmiy do‘kondan tashqari tarqatiladigan dasturlar zararli dasturiy ta’minot xavfini 50 baravar oshiradi. Shu bois kompaniya ishlab chiquvchilarni aeroportdagi shaxsni tekshirishga o‘xshash jarayon orqali to‘liq tekshirishdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Noma’lum ishlab chiquvchilar uchun alohida konsol yaratiladi. U yerda tijorat versiyasidan farqli vositalar bo‘ladi. Google Play’da ro‘yxatdan o‘tgan ishlab chiquvchilar esa allaqachon talablarga javob beradi va qo‘shimcha cheklovlarsiz faoliyat yuritishi mumkin.
Yangi tizimni sinovdan o‘tkazish 2025 yil oktyabrda boshlanadi. 2026 yil martdan global tekshiruv jarayoni ochiqlanadi. Ilk cheklovlar 2026 yil sentyabrdan Braziliya, Indoneziya, Singapur va Tailandda kuchga kiradi. 2027 yildan esa qoida barcha mamlakatlar uchun amal qiladi.





