add

Antibiotiklar elektron retsept orqali berilyapti — SSV

Bugun 09:292 daqiqa

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan antibiotiklar 2026 yil 15-yanvardan elektron retsept asosida beriladi degan xabarlarga aniqlik kiritdi.

Antibiotiklar elektron retsept orqali berilyapti — SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, 2025 yil 15-dekabrda «Elektron retsept» tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilashga doir buyruq qabul qilingan. Ushbu hujjat tibbiyot tashkilotlarida retsept asosida beriladigan dori vositalarini elektron formatda tayinlash mexanizmlarini belgilab bergan.

Qayd etilishicha, elektron retsept tizimini joriy etish bir vaqtning o‘zida emas, balki bosqichma-bosqich amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Dastlabki bosqichda ayrim toifadagi dori vositalari elektron retsept orqali tayinlanishi va dorixonalarda aynan shu tartib asosida berilishi belgilangan.

Jumladan, antibiotiklar, tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari hamda tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari elektron retsept asosida rasmiylashtiriladi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ushbu dori vositalari amalda aynan elektron retsept orqali iste’molchilarga taqdim etilmoqda.

Shuningdek, vazirlik rasmiylashtirgan mazkur buyruq Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 15-dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ro‘yxat raqami 3725 bo‘lgan hujjat 2026 yil 15-yanvardan emas, balki 2025 yil 16-dekabrdan boshlab kuchga kirgani alohida ta’kidlandi.

Shu tariqa, Sog‘liqni saqlash vazirligi antibiotiklar bo‘yicha elektron retsept tizimi allaqachon amal qilayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sanalar esa noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dori vositalarining qog‘oz shakldagi retseptini rasmiylashtirishga 2026 yil 1-martgacha ruxsat berilgan. Bu Sog‘liqni saqlash vazirining 16-dekabrdan kuchga kirgan «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘ida nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid