
AQSH aholisi tarixda ilk bor qisqarishi mumkin
Donald Trampning qat’iy migratsiya siyosati tufayli AQSHda o‘z tarixida ilk bor aholi soni kamayishi ehtimoli paydo bo‘ldi.

AQSHda 2026 yilda ilk marta aholi soni qisqarishi mumkin, deb yozmoqda «Bloomberg». Bunga prezident Donald Tramp yuritgan qat’iy migratsiya siyosati asosiy omil sifatida ko‘rsatilmoqda. Ilgari Federal aholini ro‘yxatga olish byurosi aholi kamayishi faqat 2081 yildan keyin boshlanishini prognoz qilgan edi.
AQSH tarixida rasmiy ro‘yxatga olish amaliyoti boshlanganidan beri bunday holat kuzatilmagan. Mamlakat doimo migrantlar oqimi hisobiga o‘sib kelgan, bu esa tabiiy o‘sish pasaygan davrlarda ham aholi sonini barqaror saqlab turgan.
Biroq «American Enterprise Institute» va «Brookings Institution» tahlilchilariga ko‘ra, 2026 yilda aholi soni haqiqiy kamayishni boshdan kechirishi mumkin. Hatto bu aniq shu yilda ro‘y bermasa ham, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati demografik muvozanat buzilishini tezlashtirayotgani ta’kidlanmoqda.
Migratsiya va demografiya
Tahlillarga ko‘ra, kelajakdagi asosiy muammo — sof migratsiya oqimi endilikda tug‘ilish darajasining pasayishi va aholining qarishi tufayli o‘sib borayotgan o‘lim ko‘rsatkichlarini qoplay olmasligidadir. Mutaxassislar ehtimoliy qisqarish hajmini 400 ming nafardan ortiq deb baholamoqda.
«Bloomberg»ning qayd etishicha, hozirda aholi o‘sishi asosan migratsiya hisobiga ta’minlanyapti. Ammo migratsiya cheklansa, demografik «yoqtiq» yo‘qoladi. Bu esa mehnat bozori, soliq tushumlari va ijtimoiy xarajatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1-iyul holatiga AQSH aholisi 341,8 mln nafarni tashkil etgan, hozir esa bu ko‘rsatkich 342,3 mln nafarga yetgan. Biroq o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashgan.
Jahon tajribasi
«Bloomberg» demografik qisqarishning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini boshqa mamlakatlar misolida ko‘rsatadi. Masalan, Xitoyda 2025 yilda 1949 yildan beri eng past tug‘ilish darajasi qayd etildi. Yaponiyada esa aholi kamayishi iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Yevropa davlatlarida ham shu kabi tendensiyalar iqtisodiy stagnatsiya xavfini kuchaytirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, AQSH uchun ham demografiya masalasi endilikda faqat ijtimoiy emas, balki strategik iqtisodiy muammoga aylanmoqda.





