Logo

Toshkentda uy-joy ijara narxlari: qaysi tumanlar eng qimmat?

Bugun 14:492 daqiqa

2026 yil may oyida Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha ijara narxi 550 dollarga yetdi. Shu bilan birga, ijara e’lonlari soni keskin qisqarib, ayrim tumanlarda narxlar o‘rtasidagi farq ikki baravardan oshdi.

Toshkentda uy-joy ijara narxlari: qaysi tumanlar eng qimmat? © Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrida uy-joy ijarasi bozorida narxlar o‘sishi davom etmoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil may oyida poytaxtdagi o‘rtacha ijara haqi 550 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 10 foizga yuqori.

Shu bilan birga, ijara bozoridagi taklif hajmi sezilarli darajada kamaygan. May oyida ijaraga oid 18,1 mingta e’lon joylashtirilgan bo‘lib, bu aprel oyidagi 22,8 mingta e’longa nisbatan qariyb 21 foizga kamdir.

E’lonlarning asosiy qismi Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Yunusobod tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani umumiy taklifning 16,9 foizini, Mirobod 12,9 foizini, Yunusobod esa 12,6 foizini tashkil etgan. Ushbu uch tuman jami ijara e’lonlarining 42,4 foizini qamrab olgan.

Tumanlar kesimida

Tahlillarga ko‘ra, poytaxtdagi ijara narxlari hududga qarab keskin farq qilmoqda. Eng yuqori narxlar Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shakllangan.

Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroyda shakllanmoqda.
Toshkent ijara bozorida hudud omili narxga sezilarli ta’sir qilmoqda. Ayniqsa 3 xonali va 4+ xonali xonadonlarda qimmat va arzon hududlar o‘rtasidagi tafovut 2 barobardan yuqori.

Xona soni bo‘yicha eng qimmat va nisbatan arzon hududlar:

1 xonali: Mirobodda 600 dollar, Olmazor, Sergeli va Uchtepada 350 dollar;
2 xonali: Mirobod va Shayxontohurda 700 dollar, Sergeli va Uchtepada 400 dollar;
3 xonali: Mirobod va Shayxontohurda 1000 dollar, Sergeli va Uchtepada 450 dollar;
4+ xonali: Mirobodda 1150 dollar, Yakkasaroyda 1100 dollar, nisbatan arzon hududlarda 500-550 dollar.

Talab qaysi uylarga yuqori?

Poytaxtda ikki xonali kvartiralar eng talabgir segment bo‘lib qolmoqda. May oyidagi ijara e’lonlarining qariyb 86 foizi ikki va uch xonali xonadonlarga to‘g‘ri kelgan. Shundan 59,6 foizini aynan ikki xonali uylar tashkil etgan.

Narxlar xona soniga qarab ham farq qilgan. Bir xonali uylarning o‘rtacha ijarasi 400 dollar bo‘lib, bu bir yil avvalgiga nisbatan 14,3 foizga yuqori.

Ikki xonali kvartiralar ijarasi 500 dollar darajasida saqlanib qolgan va yil davomida o‘zgarmagan.

Uch xonali uylarning o‘rtacha ijarasi 700 dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu segmentda ham yillik o‘zgarish kuzatilmagan.

To‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara haqi 800 dollarga yetgan. Ushbu segmentda yillik narx o‘sishi qariyb 20 foizni tashkil qilgan.

Tahlil mualliflari qayd etishicha, mulkdorlar ijara narxini belgilashda asosan tumanning joylashuvi va xonadondagi xonalar soniga tayanayotgani bozordagi asosiy tendensiya bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Toshkent shahri bo‘yicha uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 9,2 dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga yuqori hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda uy-joy ijara narxlari: qaysi tumanlar eng qimmat? | Vaqt.uz