Logo

Rossiya neft eksporti so‘nggi to‘rt yillik rekordni yangiladi — «Bloomberg»

Bugun 10:252 daqiqa

Rossiyaning neft eksporti 2026 yil may oyida sutkasiga o‘rtacha 3,46 million barrelni tashkil etdi. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2022 yildan buyon qayd etilgan eng yuqori daraja hisoblanadi.

Rossiya neft eksporti so‘nggi to‘rt yillik rekordni yangiladi — «Bloomberg» © nationalinterest.org

«Bloomberg» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva jahon bozoriga neft yetkazib berish hajmini izchil ravishda oshirmoqda. Yil boshidan buyongi o‘rtacha eksport hajmi 2025 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 120 ming barrelga yuqori bo‘lgan.

Bu natija Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan keyingi davrda kuzatilgan 4 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham yuqori hisoblanadi.

Yetkazib berish o‘sishi

«Bloomberg» tankerlar harakatini kuzatish ma’lumotlariga tayanib, 31-maygacha bo‘lgan to‘rt hafta davomida hom neft yetkazib berish hajmi sutkasiga o‘rtacha 3,64 million barrelga yetganini qayd etgan.

Nashrga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yilning birinchi choragidagi o‘rtacha darajadan qariyb 300 ming barrelga yuqori bo‘lgan. Bu esa Rossiyaning tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, dengiz orqali tashilayotgan Rossiya nefti hajmi 124 million barrelga yetgan. Bu aprel oyi o‘rtasida qayd etilgan eng past darajadan taxminan 25 foizga ko‘pdir.

Tankerlarni kuzatish ma’lumotlari mazkur neft hajmining deyarli barchasi xaridorlarga yetkazib berish jarayonida ekanini ko‘rsatgan. Ya’ni yuklangan neft dengizda uzoq muddat saqlanmayotgani ta’kidlangan.

Bozor va sanksiyalar

Jahon neft bozoridagi vaziyat ham Rossiya eksport daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eron atrofidagi keskinlik va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavflar fonida neft narxlari oshgan.

Natijada Rossiya neft eksportining qiymati 2022 yil fevralidan beri kuzatilgan eng yuqori darajalardan biriga yaqinlashgan.

Ayni paytda G‘arb davlatlari sanksiyalarni kuchaytirishda davom etmoqda. Xususan, Fransiya 31-may kuni Atlantika okeanida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Rossiya neft tankerini musodara qilgan. Kreml esa bu harakatni «xalqaro qaroqchilikka yaqin» qaror sifatida baholagan.

Teglar

Mavzuga oid