Isroil amerikalik amaldorlarning telefon suhbatlarini tinglagan – NYT
AQSH razvedka hisobotlarida Isroilning amerikalik yuqori mansabdorlarni kuzatish ehtimoli qayd etildi. Xabarlarga ko‘ra, ehtimoliy kuzatuv obyektlari orasida Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham bor.
© Getty ImagesIsroil AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Pentagonning siyosat masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Elbrij Kolbining telefon muloqotlarini tinglagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda «The New York Times» nashri xabar berdi.
Kuzatuv obyektlari
Amerikaning razvedka hisobotiga ko‘ra, Isroil maxsus xizmatlari AQSHning yuqori lavozimli amaldorlarini, jumladan, prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoffni kuzatish va tinglashni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi mumkin.
Hisobotda aytilishicha, Stiv Uitkoffdan tashqari, Pentagonning yuqori siyosiy amaldori Elbridj Kolbi va uning asosiy o‘rinbosarlaridan biri Maykl Dimino ham ehtimoliy kuzatuv obyekti bo‘lgan.
Tahdid ko‘paygan
NYT yozishicha, Pentagon razvedka boshqarmasi va harbiy razvedka tomonidan tayyorlangan boshqa bir hisobotda Isroildan kelayotgan qarshirazvedka tahdidi darajasi «yuqori»dan «tanqidiy» darajagacha oshirilgan. Qarshirazvedka va xavfsizlik agentligi ishtirokida tayyorlangan ushbu hujjatda Isroilning AQSH harbiylari va davlat amaldorlarini kuzatishga qaratilgan harakatlari keltirilgan.
Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida Isroil razvedkasining AQSHning yuqori lavozimli amaldorlariga oid ma’lumot to‘plash faolligi «me’yordan tashqari» bo‘lgan.
Choralar va Isroildan javob
Maqolada qayd etilishicha, AQSH xodimlari, ayniqsa Isroilga safar vaqtida, mobil telefonlar va boshqa elektron qurilmalarni himoya qilish uchun bir qator xavfsizlik protokollaridan foydalanadi. Biroq ular bu chora-tadbirlarning tafsilotlarini ochiqlamagan.
Shu bilan birga, Isroilning Vashingtondagi elchixonasiga tayanib xabar bergan N12 portali mazkur iddaolarni rad etdi. Diplomatik vakolatxona bayonotida: «Isroilning razvedka yig‘ish faoliyati uning dushmanlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, ittifoqchilariga qarshi emas», deyilgan.





