Qozog‘istonda asosiy stavka pasaydi
Qozog‘iston Markaziy banki inflatsiya sur’atlarining pasayishi va iqtisodiy sharoit yaxshilanishi ortidan asosiy stavkani 18 foizdan 17 foizgacha tushirdi.
© inbusiness.kzQozog‘iston Markaziy banki asosiy stavkani 18 foizdan 17 foizgacha pasaytirdi. Qaror mamlakatda inflatsiya ko‘rsatkichlarining izchil sekinlashishi fonida qabul qilindi.
May oyida oylik inflatsiya 0,7 foizni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 0,1 foiz bandga pasaygan. Yillik inflatsiya esa 10,4 foizgacha tushib, 2025 yil sentabrida qayd etilgan yuqori darajadan 2,5 foiz bandga past shakllangan.
Shu bilan birga, bazaviy inflatsiya ham may oyida 0,7 foizni tashkil etib, narxlar o‘sishidagi bosim asta-sekin yumshayotganini ko‘rsatdi. Markaziy bankning fikricha, ushbu tendensiya pul-kredit siyosatini yengillashtirish uchun sharoit yaratmoqda.
Real kurs ta’siri
Markaziy bank bayonotida tengening real valuta kursiga alohida urg‘u berilmagan bo‘lsa-da, tahlilchilar ushbu omilni inflatsiyaning pasayishidagi muhim sabablardan biri sifatida baholamoqda.
Energiya resurslari narxlarining o‘sishi Qozog‘iston eksport daromadlarini ko‘paytirib, milliy valutaning mustahkamlanishiga xizmat qildi. Natijada import mahsulotlari arzonlashib, ichki bozordagi inflyatsion bosim susaydi.
Faqat mart oyining o‘zida tengening real kursi 4 foizga mustahkamlangan. Yil boshidan buyon mazkur ko‘rsatkich 6,6 foizga o‘sgan. Bu esa inflatsiyaning yanada sekinlashishi uchun qo‘shimcha omil sifatida ko‘rilmoqda.
Prognozlar yaxshilandi
Qozog‘iston Markaziy bank yil yakunida inflatsiya darajasi 9–11 foiz oralig‘ida bo‘lishini prognoz qilmoqda. Ilgari bu ko‘rsatkich 9,5–11,5 foiz deb baholangan edi. Shu bilan birga, inflatsiyaning bir xonali raqamlarga tushishi ehtimoli ham saqlanib qolmoqda.
Neft narxi bo‘yicha prognozlar ham qayta ko‘rib chiqildi. Endi o‘rtacha yillik narx 66 dollardan 90 dollargacha oshirildi. Bu iqtisodiy o‘sish prognozlarining 1 foiz bandga yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, avval kutilgan joriy operatsiyalar hisobi defitsiti o‘rniga YAIMga nisbatan 0,1 foizlik profitsit prognoz qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda asosiy stavka 14 foiz darajasida. O‘zbekiston Markaziy banki so‘nggi marta asosiy stavkani 2025 yil martda 0,5 bandga oshirib, 14 foiz darajasiga yetkazgan va shundan buyon o‘zgarishsiz saqlanmoqda.





