Logo

Toshkentdagi qimmat ijaralar, Qoraqalpog‘istondagi kripto-imtiyozlar va «Fitch» yaxshilagan banklar reytingi — 9-iyun dayjesti

Kecha 23:004 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkentdagi qimmat ijaralar, Qoraqalpog‘istondagi kripto-imtiyozlar va «Fitch» yaxshilagan banklar reytingi — 9-iyun dayjesti

Farg‘onada keshbek orqali 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilindi

Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar «Soliq Mobile» ilovasidagi keshbek tizimidan noqonuniy foydalanib, davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Telegram orqali tashkil etilgan guruhlarda 7 ta MCHJ nomidan rasmiylashtirilgan cheklardagi keshbek huquqini fuqarolarga sotgan. Bunda amalda bajarilmagan operatsiyalar uchun 3,3 trln so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalar va xarid cheklari rasmiylashtirilgan.

Natijada 211,5 ming nafar fuqaroga jami 28,5 mlrd so‘m keshbek hisoblangan bo‘lib, uning 3,2 mlrd so‘mi davlat budjeti hisobidan to‘lab berilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Jahon chempionati oldidan bukmekerlik xizmatlarini reklama qiluvchilar ogohlantirildi

Raqobat qo‘mitasi futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati arafasida internet va ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlik xizmatlari reklamasi ko‘payganini qayd etib, bunday materiallar O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekanini eslatdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim shaxslar sport musobaqalari natijalariga pul tikish, tez daromad olish yoki katta yutuqqa erishish va’dalarini tarqatib, fuqarolarni bukmekerlik platformalariga jalb qilishga urinmoqda.

Qonunga muvofiq, bukmekerlik xizmatlari, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni reklama qilish taqiqlangan. Raqobat qo‘mitasi internet va ijtimoiy tarmoqlardagi bunday materiallarni muntazam monitoring qilayotganini bildirib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishini ma’lum qildi. Fuqarolarga shubhali reklamalarga ishonmaslik va ularni tarqatmaslik tavsiya etildi.

Qoraqalpog‘istonda kripto kompaniyalarga yangi imtiyozlar berilishi mumkin

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Qoraqalpog‘istondagi «Besqala Mining Valley» maxsus zonasida faoliyat yurituvchi maynerlar va kripto xizmatlar provayderlarini yig‘imlardan ozod qilishni taklif qildi. Loyiha qabul qilinsa, kripto-birjalar, kripto-do‘konlar, kriptodepozitariylar va maynerlar uchun amaldagi yig‘imlar bekor qilinadi. Hujjat yuzasidan taklif va mulohazalar 18-iyungacha qabul qilinadi.

«Besqala Mining Valley» Qoraqalpog‘istonni yuqori texnologiyalar markaziga aylantirish maqsadida tashkil etilgan maxsus mayning zonasi hisoblanadi. Uning rezidentlari kriptoaktivlarni qazib olish, sotish va ayirboshlash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, zona ishtirokchilari 2035 yilgacha daromad solig‘idan ozod etiladi, biroq o‘z daromadlarining 1 foizini zona direksiyasiga o‘tkazib borishi belgilangan.

Toshkentda uy-joy ijara narxlari: qaysi tumanlar eng qimmat?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil may oyida Toshkentda uy-joylarning o‘rtacha ijara narxi 550 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshgan. Shu bilan birga, ijaraga oid e’lonlar soni bir oyda 22,8 mingtadan 18,1 mingtaga tushib, qariyb 21 foizga qisqargan. E’lonlarning asosiy qismi Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Yunusobod tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan. Xususan, bir xonali uylar Mirobodda o‘rtacha 600 dollar, ikki xonali uylar Mirobod va Shayxontohurda 700 dollar, uch xonali kvartiralar esa ushbu tumanlarda 1000 dollargacha baholangan. Nisbatan arzon hududlar — Sergeli, Uchtepa va Olmazor tumanlarida ijara narxlari ancha past bo‘lib, ayrim segmentlarda farq ikki baravardan oshgan. Ijara bozorida eng katta talab ikki xonali kvartiralarga to‘g‘ri kelib, umumiy e’lonlarning qariyb 60 foizini tashkil etgan.

«Aloqabank» sotilmasligi mumkin: Fitch O‘zbekistondagi 7 ta davlat banki reytingini yaxshiladi

Fitch Ratings O‘zbekistondagi yettita davlat bankining reyting prognozlarini «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tardi. Yangilangan prognozlar «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Biznesni rivojlantirish banki», «Aloqabank», «Mikrokreditbank» va «Turonbank»ga taalluqli bo‘lib, bu qaror O‘zbekiston suveren kredit reytingi prognozi «ijobiy»ga o‘zgarganidan keyin qabul qilindi. Agentlik buni davlatning banklarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kuchaygani bilan izohlamoqda.

Fitch hisobotida «Aloqabank» va «Turonbank»ni xususiylashtirish jarayoni kamida 2027 yilgacha kechikishi mumkinligi qayd etilgan. Agentlikka ko‘ra, «Aloqabank»ning 2025 yilda yangi davlat vazifalarini olgani uning xususiylashtirilish ehtimolini yanada pasaytirgan va hatto bu rejalar bekor qilinishi mumkin. Fitch shuningdek, O‘zbekistonning kredit reytingi oshirilsa, davlat banklari reytinglari ham yuqorilashi mumkinligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentdagi qimmat ijaralar, Qoraqalpog‘istondagi kripto-imtiyozlar va «Fitch» yaxshilagan banklar reytingi — 9-iyun dayjesti | Vaqt.uz