Logo

O‘zbekistonliklar asosan nima maqsadda kredit olayotgani ma’lum bo‘ldi

Bugun 09:192 daqiqa

Aholining banklardan olgan kreditlari hajmi bir yilda 10,5 trillion so‘mga oshdi. O‘sishning qariyb yarmi ipoteka kreditlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonliklar asosan nima maqsadda kredit olayotgani ma’lum bo‘ldi © vaqt.uz

O‘zbekistonda aholining banklar oldidagi qarzdorligi o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning jami kredit qarzi 230,77 trillion so‘mga yetgan.

Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida 220,3 trillion so‘mni tashkil etgan edi. Shu tariqa, bir yil ichida aholi qarzdorligi 10,5 trillion so‘mga oshgan.

Uy-joy uchun kredit

Kredit portfeli tarkibida ipoteka qarzlari eng katta ulushni tashkil etgan. Hozirgi kunda aholi olgan ipoteka kreditlari hajmi 83,9 trillion so‘mga teng.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 trillion so‘mga ko‘paygan. Natijada ipoteka kreditlari aholi qarzdorligining eng yirik segmenti bo‘lib qolmoqda.

Keyingi ehtiyojlar

Ipotekadan keyin eng katta yo‘nalishlar mikroqarzlar va mikrokreditlar bo‘lgan. Mikroqarzlar hajmi 50,1 trillion so‘mga, mikrokreditlar esa 44,3 trillion so‘mga yetgan.

Avtokreditlar miqdori ham yuqori bo‘lib, 39,6 trillion so‘mni tashkil qilgan. Bu aholining transport vositalari xaridi uchun bank mablag‘lariga tayanayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ta’lim kreditlari 6,9 trillion so‘m darajasida shakllangan va o‘tgan yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Iste’mol kreditlari esa 515 milliard so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, bank tizimidagi jami kredit portfeli 623,3 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 289,6 trln so‘mi yoki 46,5 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, aprel oyida mamlakatdagi banklarda muammoli kreditlar hajmi 2 trln so‘mga o‘sdi. Eng katta o‘sish «Milliy bank», «Kapitalbank», «Agrobank» va «Madad Invest bank» hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qaysi banklar eng past foizli ipoteka kreditlarni taklif qilmoqda?

O‘zbekiston Markaziy bankining 2026 yil 1-iyun holatiga ko‘ra, aholi uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasini e’lon qildi. Yangi haftada ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,1 foizni tashkil etgan.

Eng past ipoteka foiz stavkasini 19,2 foiz bilan «Milliy bank» taklif qilmoqda. Shuningdek, «Orient Finans bank»da ipoteka krediti 20,0 foiz, «Aloqabank»da 20,8 foiz va «SQB»da 20,9 foizdan ajratilmoqda. «Ipoteka bank» 21,7 foiz, «Hamkorbank» 21,9 foiz stavka bilan ipoteka kreditlarini taqdim etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid