Markaziy bank xorijiy obligatsiyalar hajmini 1,5 mlrd dollardan 2,8 mlrd dollarga oshirdi
May oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 307 mln dollarga qisqarib, 7,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Zaxiralar hajmidagi qisqarishga xalqaro bozorlarda oltin narxining arzonlashgani sabab bo‘lgan.
© vecteezy.comO‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 2026-yil may oyi yakunlariga ko‘ra 70,58 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich aprel oyiga nisbatan 307,2 mln dollar yoki 0,44 foizga kamaygan.
Zaxiralarning asosiy qismi bo‘lgan oltin aktivlari qiymati ham biroz pasaydi. May oyi davomida oltin zaxirasining qiymati 156 mln dollarga kamayib, 61,43 mlrd dollarga tushdi. Shu bilan birga, fizik hajm o‘sishda davom etib, 13,6 mln troy unsiya yoki 423 tonnaga yetdi.
Oltin narxi bosimi
Oltin qiymatining pasayishiga jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi ta’sir qildi. May oyida qimmatbaho metall kotirovkalari 3,3 foizga arzonlashdi. Oy boshida bir troy unsiya uchun qariyb 4700 dollar atrofida bo‘lgan narx oy o‘rtasida 4550 dollargacha tushdi.
Oyning so‘nggi haftasida esa oltin bahosi mart oyidan beri birinchi marta 4500 dollarlik chegaradan pastga tushdi. Bu holat O‘zbekiston zaxiralaridagi oltin hajmi oshganiga qaramay, uning umumiy qiymati qisqarishiga olib keldi.
Xorijiy valutagi zaxira aktivlar ham may oyida 150 mln dollarga qisqarib, 8,57 mlrd dollarni tashkil qildi. Ayniqsa, boshqa banklarda saqlanayotgan naqd valuta va depozitlar hajmi 20 foizga kamayib, 5,72 mlrd dollarga tushdi.
Obligatsiyalarga e’tibor
Shu bilan birga, Markaziy bank zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilishni davom ettirmoqda. May oyi oxiriga kelib xorijiy qimmatli qog‘ozlar portfeli 84 foizga o‘sib, 2,85 mlrd dollarga yetdi. Natijada ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 4 foizni tashkil qildi.
Bu Markaziy bankning so‘nggi vaqtlardagi eng yirik investitsiya harakatlaridan biri hisoblanadi. Bundan avval regulyator 2025-yil noyabr oyida taxminan 500 mln dollarlik AQSH g‘aznachilik obligatsiyalarini xarid qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida ham umumiy xalqaro zaxiralar hajmi 8,09 mlrd dollarga yoki taxminan 10 foizga kamayib, 68,99 mlrd dollarni tashkil etgan.


