Logo

Pashinyan partiyasi 49,81 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi

Bugun 14:502 daqiqa

Armanistondagi parlament saylovlarida Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi mutlaq ko‘pchilik ovozni ololmagan bo‘lsa-da, hukumatni shakllantirish huquqini saqlab qoldi.

Pashinyan partiyasi 49,81 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi © am.sputniknews.ru

Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 49,81 foiz ovoz to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlarda ishtirok etish darajasi 58,97 foizni tashkil etgan bo‘lib, 1,47 milliondan ortiq fuqaro ovoz bergan.

Natija 2021-yilgi parlament saylovlarida qayd etilgan 54 foizlik ko‘rsatkichdan past bo‘ldi. Shu bilan birga, partiya saylovlarda eng ko‘p ovoz olgan siyosiy kuch sifatida parlamentda ustunlikni saqlab qoldi.

Muxolifat kuchlari

Ikkinchi o‘rinni 23,29 foiz ovoz bilan «Kuchli Armaniston» alyansi egalladi. Uchinchi o‘rinda esa Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston alyansi» bo‘lib, u 9,94 foiz ovoz to‘pladi.

To‘rtinchi o‘rinni tadbirkor va milliarder Gagik Sarukyan asos solgan «Gullab-yashnayotgan Armaniston» partiyasi 4 foiz natija bilan band etdi. Umuman olganda, muxolifat kuchlari jami 37,23 foiz ovoz yig‘di.

Saylovlarda qatnashish uchun 18 ta siyosiy kuch ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning faqat to‘rttasi parlamentga o‘tish uchun zarur bo‘lgan chegaradan o‘ta oldi.

Hukumatni kim tuzadi?

Armaniston qonunchiligiga muvofiq, parlamentdagi o‘rinlarning kamida 52 foiziga ega bo‘lgan siyosiy kuch hukumatni shakllantirish huquqini qo‘lga kiritadi. Agar saylovlarda eng ko‘p ovoz olgan partiya 52 foizlik chegaraga yetmagan bo‘lsa, unga mazkur ko‘rsatkichni ta’minlash uchun qo‘shimcha mandatlar berilishi mumkin.

Shu sababli «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi 50 foizdan kam ovoz olganiga qaramay, hukumatni mustaqil shakllantirish imkoniyatini saqlab qolmoqda.

Dushanba kuni ertalab bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Pashinyan o‘z partiyasi g‘alaba qozonganini aytib, buni «tarixiy g‘alaba» deb atadi.

«Arman xalqi mintaqaviy farovonlik va hamkorlik uchun ovoz berdi va umid qilamanki, bu Turkiya va Ozarbayjon tomonidan ijobiy javob oladi», — dedi u va G‘arb va Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirishda davom etishga va’da berdi.

Teglar

Mavzuga oid

Pashinyan partiyasi 49,81 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi | Vaqt.uz