Logo

Toshkentdagi yangi avtobus bekatlari narxi bo‘yicha tanqidlarga rasmiy munosabat bildirildi

Bugun 21:302 daqiqa

Otabek Bakirov yangi namunaviy bekatlar narxi 10–20 ming dollar atrofida ekani aytilib, ularning qiymati qanday shakllantirilgani hamda tender jarayonlari yuzasidan savollarni o‘rtaga tashlagan edi.

Toshkentdagi yangi avtobus bekatlari narxi bo‘yicha tanqidlarga rasmiy munosabat bildirildi © Foto: t.me/codd_tashkent

Toshkent shahrida jamoat transporti bekatlarini modernizatsiya qilish budjet mablag‘lari hisobidan emas, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida amalga oshirilmoqda va ularning narxini oddiy metall konstruksiya qiymati bilan taqqoslash noto‘g‘ri. Bu haqda iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov tanqidiga javoban Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Avvalroq, Otabek Bakirov tomonidan yangi namunaviy bekatlar narxi 10–20 ming dollar atrofida ekani aytilib, ularning qiymati qanday shakllantirilgani hamda tender jarayonlari yuzasidan savollar o‘rtaga tashlangan edi. Markaz bayonotiga ko‘ra, loyiha qiymati faqatgina bekat konstruksiyasidan iborat emas, balki infratuzilmaviy, muhandislik va texnologik yechimlarning to‘liq majmuasini qamrab oladi.

Loyiha nimalarni o‘z ichiga oladi?

Yangi loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi va tizimlar o‘rnatilishi ta’kidlanmoqda:

• Hududni tayyorlash, kutish maydonlarini kengaytirish va piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash.

• Avtobus eshiklari balandligi hisobga olingan holda, yo‘lovchilar chiqib-tushishi uchun qulay bo‘lgan yangi perronlar qurish.

• 24 soat ishlaydigan va markazlashtirilgan monitoring tizimiga integratsiya qilingan videokuzatuv kameralarini o‘rnatish.

• Favqulodda holatlarda dispetcherlik infratuzilmasi (112 xizmati) bilan bog‘lanish imkonini beruvchi SOS tugmalarini joriy etish.

• Avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi LED ekranlar va elektron axborot tablolari, mobil qurilmalarni quvvatlash stansiyalari hamda vending apparatlarini o‘rnatish.

Davlat-xususiy sheriklik modeliga ko‘ra, xususiy investorlar bekatlarni qurish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini reklama ekranlari, vending apparatlari va quvvatlash stansiyalaridan foydalanish orqali qoplaydi. Bu yondashuv shahar budjetiga qo‘shimcha yuklama tushirmasdan infratuzilmani yangilash imkonini berishi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar hokimining shu yilning mart oyidagi qarori bilan poytaxtdagi barcha avtobus bekatlari yangilanib, ularda endi savdo do‘konlari bo‘lmasligi belgilangan edi.

Teglar

Mavzuga oid