Inflatsiya rekord darajada — 5,5 foizgacha pasaydi
May oyida O‘zbekistonda yillik inflatsiya 5,5 foizni tashkil qildi. Bu 5 foizlik inflyatsion targetga yaqin bo‘lib, tarixiy eng past ko‘rsatkichga aylandi.
© Vaqt.uz2026-yilning may oyida O‘zbekistonda yillik inflatsiya birinchi marta 5,5 foizni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
May oyida oylik iste’mol narxlari indeksi ko‘rsatkichi 0,2 foiz bo‘ldi. Yil boshiga nisbatan narxlar o‘sishi esa 2,7 foizgacha pasaydi.
Yillik inflatsiya esa O‘zbekiston tarixida birinchi marta 5,5 foizgacha pasaydi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida inflatsiya 8,7 foiz edi.
Meva va sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishini hisobga olmaganda inflatsiya oylik nisbatda 0,6 foizni, yillik nisbatda 5,8 foizni tashkil qildi.
May oyida bo‘limlar kesimida oziq-ovqat narxlari o‘zgarmagan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foizga, xizmatlar 0,4 foizga ko‘tarildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi qanday?
May oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta narx o‘sishi go‘sht mahsulotlarida kuzatildi.
Xususan, suyaksiz mol go‘shti bir oyda 3,6 foizga, suyakli mol go‘shti va qo‘y go‘shti esa 2,9 foizga qimmatlashdi.
Yillik hisobda esa ushbu mahsulotlar narxi mos ravishda 20,5 foiz, 19 foiz va 22,8 foizga oshgan. Shuningdek, go‘sht qiymasi narxi bir oyda 2 foizga, yillik hisobda esa 15,8 foizga ko‘tarildi.
Boshqa oziq-ovqat mahsulotlari orasida shakar narxi 1,5 foizga, pasterizatsiya qilingan sut 1,1 foizga, tirik va sovutilgan baliq 1 foizga qimmatlashdi.
Un va o‘simlik yog‘i narxlari esa mos ravishda 0,9 foiz va 0,6 foizga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda sut 5,1 foizga, baliq 6,9 foizga, un 4,6 foizga va o‘simlik yog‘i 7 foizga qimmatlashgani qayd etildi.
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarida esa narxlarning pasayishi qayd etildi. Xususan, may oyida guruch va guruch oqshog‘i narxi o‘rtacha 1,6 foizga arzonladi. Shu bilan birga, bu mahsulotning yillik narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,7 foizga past bo‘lib qoldi.
Shuningdek, tuxum narxi 0,1 foizga, parranda go‘shti narxlari esa turiga qarab 1,5–1,6 foizga pasaydi. Xom sut narxi ham oy davomida 0,8 foizga arzonlashdi.
Biroq yillik hisobda tuxum narxlari 21,4 foizga, parranda go‘shti 3,4–4,5 foizga, xom sut esa 5,1 foizga qimmatligicha qolmoqda.
Transport narxi o‘sishda davom etmoqda
Transport sohasida may oyida yoqilg‘i narxlari o‘sishda davom etdi. Benzin narxi o‘rtacha 0,6 foizga qimmatlashib, yillik o‘sish 12 foizga yetdi. Xususan, AI-92 benzini 0,6 foizga, AI-95 0,8 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa 1,6 foizga qimmatlashdi. Propan narxi 1,9 foizga oshib, bir litr uchun 7 200 so‘mgacha yetdi, metan esa 0,2 foizga qimmatlashdi.
Shuningdek, avtoturargoh xizmatlari narxi 1,1 foizga, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari esa 1,2 foizga oshdi. Elektrosamokat va elektrovelosipedlarni ijaraga berish xizmatlari narxlari bir oyda 6,2 foizga ko‘tarildi.
Yo‘lovchi tashish xizmatlarida ham ayrim tariflar oshdi. Tramvay yo‘l haqi 15,5 foizga, taksi xizmatlari 1 foizga, shaharlararo avtobus qatnovlari 1 foizga, shahar avtobuslari esa 0,5 foizga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, so‘mning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan mustahkamlanishi uzoq masofali poyezd chiptalari narxining 0,3 foizga, aviaqatnovlar narxining esa 1,3 foizga pasayishiga xizmat qildi.





