Logo

«Aloqabank» sotilmasligi mumkin: Fitch O‘zbekistondagi 7 ta davlat banki reytingini yaxshiladi

Bugun 18:322 daqiqa

Davlat banklari reytingi yaxshilanishi O‘zbekistonning kredit reytingi prognozi «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgarishi fonida yuz berdi. Fitch «Aloqabank» endi umuman xususiylashtirilmasligi mumkinligini aytmoqda.

«Aloqabank» sotilmasligi mumkin: Fitch O‘zbekistondagi 7 ta davlat banki reytingini yaxshiladi

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistondagi 7 davlat bankining reyting prognozlarini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida e’lon qilindi.

9 ta davlat bankining 7 tasida — «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «BRB», «Aloqabank», «MKBank» va «Turonbank»da reyting prognozlari yaxshilandi. «Asakabank» va «SQB» reytingi prognozlari esa o‘zgarishsiz qoldirildi.

7 davlat bankida prognozlarning yaxshilanishi 3-iyun kuni O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha prognoz ham «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgargani bilan bog‘liq.

Fitch fikricha, bu hukumatning davlat banklarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kuchayganini aks ettiradi.

«Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Biznesni rivojlantirish banki», «Aloqabank» va «Mikrokreditbank»ning uzoq muddatli reytinglari mamlakat suveren reytingi bilan bir xil — «BB» darajasida tasdiqlangan. «Turonbank» reytingi esa «BB-» darajasida saqlab qolingan.

«Turonbank» reytingi bir pog‘ona past ekani bankning kichik hajmli ekani, aniq belgilangan siyosiy rolning yo‘qligi va boshqa davlat banklariga nisbatan kapital qo‘llab-quvvatlash darajasi pastligi bilan izohlanadi.

Banklarni xususiylashtirish qanday kechmoqda?

Hisobotda «Aloqabank» va «Turonbank»ni xususiylashtirish rejalari ham tilga olingan. Fitch yirik davlat banklari sotilmaguncha ushbu banklarning xususiylashtirilishi amalga oshmasligini, bu esa kamida 2027 yilgacha yuz bermasligini kutmoqda.

Bundan tashqari, agentlik «Aloqabank» 2025 yilda yangi davlat siyosati vazifalarini olgani sababli uning xususiylashtirilishi ehtimoli yanada pasayganini, hatto bu rejalar bekor qilinishi mumkinligini ta’kidlagan.

Fitchning fikricha, «Aloqabank» va «Turonbank» ulushining katta qismi davlatga tegishli bo‘lib qolar ekan, ularga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishi kerak.

Qayd etilishicha, agar O‘zbekistonning kredit reytingi oshirilsa, davlat banklarining reytinglari ham yuqorilashi mumkin. Aksincha, reyting pasaysa yoki hukumatning banklarni qo‘llab-quvvatlash qobiliyati zaiflashsa, banklarning reytinglari pasaytirilishi ehtimoli mavjud.

Avvalroq davlat banklaridan «SQB»ning bir qismi Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) tarkibida IPOga chiqarilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda eng so‘nggi xususiylashtirilgan davlat banki «Poytaxt bank» hisoblanadi. Bank 2024 yilda BAAning «Bond Investment Limited» kompaniyasi tomonidan 10 mln dollarga sotib olingan.

Teglar

Mavzuga oid

«Aloqabank» sotilmasligi mumkin: Fitch O‘zbekistondagi 7 ta davlat banki reytingini yaxshiladi | Vaqt.uz