Toshkent xalqaro investitsiya forumi: 99 davlatdan 8 mingdan ziyod ishtirokchi kutilmoqda
Joriy yilgi forumda qator muhim yo‘nalishlarni (jumladan, farmatsevtika, qurilish materiallari, transport-logistika, turizm va ta’lim) qamrab oluvchi investitsiya kelishuvlarining yirik to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
© Foto: president.uzJoriy yilning 16-18-iyun kunlari beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi va unda 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga forumga tayyorgarlik yuzasidan berilgan axborotda ma’lum qilindi.
Tadbirda qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon, jumladan, xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar hamda investitsiya jamg‘armalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2022 yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 mamlakatdan 1 mingdan ziyod xorijiy mehmon qatnashgan edi.
Kelishuvlar va ko‘rgazmalar dasturi
Taqdimotda forum va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘tkaziladi.
O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini namoyish etish ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Forum doirasida Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.
Joriy yilgi forumda ham investitsiya kelishuvlarining yirik to‘plamini imzolash rejalashtirilgan. Hozirda yangi loyihalarni shakllantirish ishlari jadal ketmoqda.
Ishlab chiqilayotgan kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda ta’lim kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari forumni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini aniq loyihalar orqali namoyon etish muhimligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil qilish, imzolanadigan kelishuvlarning aniq ijro mexanizmlarini belgilash va forumdan keyin ularni tizimli monitoring qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.





