Logo

«Ko‘p muhokamalar, bahslar bo‘ldi». Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi AES loyihasi haqida

Vladimir Putin loyiha ustida Shavkat Mirziyoyev juda ko‘p ishlaganini qayd etgan bo‘lsa, O‘zbekiston prezidenti hamkorlik bu bilan cheklanib qolmasligini ta’kidladi.

«Ko‘p muhokamalar, bahslar bo‘ldi». Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi AES loyihasi haqida © Kreml matbuot xizmati

Kecha, 4-iyun kuni O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga rasman start berish marosimi oldidan Sankt-Peterburgda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Vladimir Putin Jizzaxdagi AES haqida gap boshlar ekan, ushbu loyiha ustida Shavkat Mirziyoyev juda ko‘p ishlaganini qayd etdi.

«Bugun biz uchun yana bir muhim va quvonchli voqea ro‘y bermoqda – kelajakdagi yirik va qudratli obyekt, atom elektr stansiyasi poydevorini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Bu O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosida quriladigan ilk atom elektr stansiyasidir.
Bilaman, siz bu loyiha ustida shaxsan juda ko‘p ishlagansiz. Ha, ancha uzoq vaqt! Barcha jihatlarini chuqur o‘rganib chiqqansiz. Va ishonamanki, taklif etilgan barcha variantlar orasidan O‘zbekiston uchun eng maqbul va maqsadga muvofiq yechimni tanlagansiz», – dedi Putin.

Shavkat Mirziyoyev esa Jizzaxdagi loyiha «Rosatom» tarixida ilk bor gibrid atom elektr stansiyasi (ikkita kichik quvvatli va ikkita yirik quvvatli reaktordan iborat stansiya) bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

«Siz aytganingizdek, biz bu qarorga uzoq vaqt davomida keldik. Ko‘p muhokamalar, bahslar bo‘ldi, ammo oxir-oqibat biz uchun eng to‘g‘ri qarorga keldik. Chunki iqtisodiyotimiz o‘sib bormoqda va uni barqaror energiya ta’minoti bilan ta’minlash zarur.
Men sizga bu haqda bir necha bor aytganman: uran ishlab chiqarish bo‘yicha biz dunyoda beshinchi, zaxiralar bo‘yicha esa o‘ninchi o‘rindamiz. Demak, bu sohaning kelajagi biz uchun juda muhim», – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, yangi gibrid stansiyaning 60 yillik faoliyati uchun 19,5 ming tonna uran talab etiladi. Shu bois O‘zbekiston tomoni «Rosatom» bilan mazkur masalani juda jiddiy muhokama qilmoqda. O‘zbekiston yetakchisi bu hamkorlik har ikki tomon uchun o‘zaro manfaatli natija berishiga ishonch bildirdi.

«Bu Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi energetika sohasidagi strategik loyihadir. Biz esa bu yo‘nalishda faqat shu loyihalar bilan cheklanib qolish niyatida emasmiz», – dedi prezident.

Tovar ayriboshlash: Belgilangan marra – 20 milliard
 
Davlat rahbarlari ikki mamlakat iqtisodiyoti muvaffaqiyatli rivojlanaytganini, o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi o‘sib borayotganini ham qayd etdi.

«Sizning rahbarligingiz ostida O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan mamnunmiz.
Tovar ayirboshlash hajmi o‘sib bormoqda – o‘tgan yili u 12 foizdan ortiqqa oshdi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.
Biz siz bilan doimiy aloqadamiz va muhokama qiladigan mavzular hamisha topiladi, chunki o‘zaro munosabatlarimiz ko‘lami muntazam kengayib bormoqda. Bu, jumladan, o‘zaro investitsiyalar hajmiga ham taalluqli.
Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan investitsiyalari ham yaxshi sur’atlarda o‘smoqda va barqaror dinamikani namoyon etyapti. Eng muhimi, bu jarayonlar har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilmoqda», – dedi Putin.

Shavkat Mirziyoyev esa hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bosh vazirlar darajasida o‘tkazilgani, Hududlar forumi bo‘lib o‘tgani, an’anaviy «INNOPROM» ko‘rgazmasining oltinchi yig‘ini ham muvaffaqiyatli tashkil etilganini ta’kidladi.

«Darhaqiqat, siz hozir qayd etganingizdek, tovar ayirboshlash hajmi biz birgalikda belgilagan maqsadga tobora yaqinlashmoqda. Belgilangan marra – 20 milliard. 2025-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 13 milliardni tashkil etdi. Menimcha, 2026-yil yakunlarida bu raqam yana ortadi, chunki yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Shuning uchun bugungi uchrashuvimiz ham hamkorlikka yangi turtki beradi, deb o‘ylayman. Bizning jamoamizning rejalari juda katta», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Teglar

Mavzuga oid