Logo

16 yoshli o‘g‘il bolalar avtomatik harbiy hisobga qo‘yiladi

Bugun 17:372 daqiqa

O‘zbekistonda harbiy hisobga olish tizimi raqamlashtirilib, tibbiy komissiyalar bekor qilinadi. Shuningdek, harbiylar uchun ijara kompensatsiyasi va fuqaroviy xodimlar maoshi oshirilmoqda.

16 yoshli o‘g‘il bolalar avtomatik harbiy hisobga qo‘yiladi

O‘zbekistonda mudofaa ishlari organlari faoliyatiga «nol byurokratiya» tamoyilini joriy etish doirasida harbiy hisobga olish, tibbiy va chaqiruv komissiyalarini raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov «Oʻzbekiston 24» telekanaliga ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va ID karta olgan o‘g‘il bolalar haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimidan avtomatik ravishda olinadi. Shu asosda ular harbiy hisobga qo‘yiladi va fuqarolarning qo‘shimcha hujjat topshirishi yoki idoralarga murojaat qilishiga ehtiyoj qolmaydi.

Vazirning ta’kidlashicha, mudofaa ishlari bo‘limlarida amalga oshiriladigan tibbiy komissiyalar ham bekor qilinadi. Endi chaqiruvchilarning barcha tibbiy ko‘riklari tuman va shaharlardagi markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda o‘tkaziladi.

Ijara va maoshlar

8-iyun kuni davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimot yakunlari bo‘yicha prezident tomonidan sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan bir qator takliflar ma’qullangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorga muvofiq, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun turar joy ijarasi bo‘yicha pul kompensatsiyasi 25 foizga oshirildi.

Bu qaror xizmat uyi bilan ta’minlanmagan harbiylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.

Mudofaa ishlari organlarining fuqaroviy xodimlari uchun ham qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari belgilandi. Xususan, ularning ish haqi 2026 yil 1-iyuldan boshlab 20 foizga oshiriladi.

Shuningdek, 2027 yil 1-yanvardan e’tiboran mazkur xodimlar maoshiga yana 50 foiz qo‘shimcha ustama qo‘shiladi. Hukumat ushbu choralar orqali mudofaa tizimidagi ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish, raqamlashtirish va kadrlarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid