Bir oyda banklarning muammoli kreditlari 2 trln so‘mga oshdi
Aprel oyida mamlakatdagi banklarda muammoli kreditlar hajmi keskin o‘sdi. Eng katta o‘sish «Milliy bank», «Kapitalbank», «Agrobank» va «Madad Invest bank» hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) aprel oyida 2 trln 56 mlrd so‘mga ko‘payib, yil boshidan beri eng yuqori oylik o‘sishni qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
1-may holatiga ko‘ra, mamlakatdagi banklarning umumiy kredit portfeli 629 trln so‘mga yetgan. Shundan 21 trln 917 mlrd so‘mi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Davlat banklaridagi NPL
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat banklarining kredit portfeli 417 trln 262 mlrd so‘mni tashkil etgan. Muammoli kreditlar hajmi esa 15 trln so‘mga yetgan bo‘lib, bu umumiy portfelning 3,6 foiziga teng.
Aprel oyida davlat banklaridagi muammoli kreditlar 801 mlrd so‘mga oshdi. Bu o‘sishning asosiy qismi «Milliy bank» hissasiga to‘g‘ri kelib, unda muammoli kreditlar 485 mlrd so‘mga ko‘paygan. Agrobank»da ham mazkur ko‘rsatkich 351 mlrd so‘mga oshgan.
Ayni paytda, «SQB»da muammoli kreditlar 80 mlrd so‘mga, «Turonbank»da 26 mlrd so‘mga va «Asakabank»da 17 mlrd so‘mga qisqargan. Qolgan davlat banklarida esa sezilarli o‘zgarish qayd etilmagan.
Xususiy banklar
To‘rt oyda xususiy banklarning kredit portfeli 211 trln 737 mlrd so‘mni tashkil qildi. Ulardagi muammoli kreditlar hajmi 6 trln 821 mlrd so‘m yoki umumiy portfelning 3,2 foiziga teng bo‘ldi.
Aprel oyida ushbu toifadagi banklarda muammoli kreditlar 1 trln 255 mlrd so‘mga oshgan. Eng katta o‘sish «Kapitalbank»da 439 mlrd so‘m va «Madad Invest bank»da 286 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, «Orient Finans bank», «TBC bank» va «Trastbank»da ham muammoli kreditlar hajmi o‘sgan.
«Poytaxt bank», «Garant bank» va «Hayot bank» esa muammoli kreditlar hajmini qisqartirishga erishgan. Biroq «Poytaxt bank»da NPL darajasi yuqoriligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, xususiy banklardagi NPL ulushi umumiy kredit portfelining 3,2 foizini tashkil qilib, davlat banklaridagi 3,6 foizlik ko‘rsatkichdan past saqlanmoqda.






