Qirg‘izistonda «yashil» energiya tushumining 1 foizi qishloqlarga beriladi
Qirg‘izistonda qayta tiklanuvchi energiya loyihalaridan tushgan daromadning 1 foizini mahalliy budjetlarga yo‘naltirish joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Qirg‘izistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari manbalari sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun yangi moliyaviy majburiyat joriy etilishi mumkin. Mamlakat Vazirlar mahkamasi jamoatchilik muhokamasiga quyosh, shamol va boshqa yashil energetika obyektlari operatorlari tomonidan elektr energiyasi sotishdan tushgan daromadning 1 foizini mahalliy budjetlarga o‘tkazish tartibini belgilaydigan qaror loyihasini taqdim etdi.
Hujjatga ko‘ra, to‘lov miqdori qo‘shilgan qiymat solig‘i va boshqa bilvosita soliqlar hisobga olinmagan holda elektr energiyasi sotishdan olingan tushum asosida aniqlanadi. Mablag‘lar har oy hisobot davridan keyingi oyning 20 sanasidan kechiktirmay o‘tkazilishi lozim.
Mahalliy budjetlarga mablag‘
Loyihada to‘lovlar kechiktirilgan taqdirda jarima ham nazarda tutilgan. Qarzdorlikning har bir kechiktirilgan kuni uchun qarz summasining 0,1 foizi miqdorida penya hisoblanadi.
Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari mazkur mablag‘larni ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, energiya ta’minoti tizimlarini yaxshilash hamda hududlarni obodonlashtirishga sarflashi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, munitsipalitetlar tushumlarni alohida hisobga olib borishi va ulardan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni har yili rasmiy veb-saytlarida e’lon qilishi shart qilib belgilanmoqda.
Investorlar nazorati kuchayadi
Qaror loyihasiga ilova qilingan asosnomada qayd etilishicha, Qirg‘izistonda umumiy quvvati bir necha gigavattga teng bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hukumat fikricha, yangi mexanizm quyosh va shamol elektr stansiyalari joylashgan hududlardagi aholiga ushbu loyihalardan bevosita iqtisodiy manfaat olish imkonini yaratadi. Mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilishi ustidan nazoratni Davlat soliq xizmati amalga oshiradi. Agar investorlar taqdim etgan ma’lumotlar soliq hisobotlari bilan farq qilsa, fiskal organlar ma’lumotlari ustuvor hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish tarifi 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Liberal-demokratik partiya tashkil etgan mediamuloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarildi.





