Dodo Pizza mojarosi: hokimiyat xodimiga chora ko‘riladi
VAQT.UZ’da yoritilgan Dodo Pizza filiali peshlavhasining buzilishi bilan bog‘liq holat Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganildi. Ayni vaqtda filialning elektr ta’minoti tiklanib, tadbirkorlik faoliyati uchun sharoit qayta yaratilgani ma’lum qilindi.

VAQT.UZ'da yoritilgan Dodo Pizza filiali bilan bog‘liq holat yuzasidan Biznes-ombudsman bosh inspektori Jamshid Hasanov munosabat bildirdi.
Hasanovning ma’lum qilishicha, «Dodo Pizza»ga tegishli reklama konstruksiyasi buzilganligi haqidagi murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida Sergeli tumani hokimi Doniyor Ismatov hamda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Xudaybergenov bilan suhbat o‘tkazilgan.
«Hokimiyatning mas’ul xodimiga nisbatan tegishli chora ko‘rilmoqda. Elektr ta’minoti tiklandi va tadbirkorning faoliyatini to‘siqlarsiz davom ettirishi ta’minlandi», — dedi Hasanov.
Biznes-ombudsman matbuot xizmatining VAQT.UZ' ga xabar berishicha, holat bo‘yicha mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’sir choralarini qo‘llashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi va har qanday cheklov va majburlov choralarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llashi lozimligi haqida ogohlantiriladi.
«Murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi», deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati vakili Guljamol Baxodirovna.
Dodo Pizza tarmog‘ining franchayzi-hamkori Dinara Islamovaning peshlavhalarni qayta osib qo‘yish haqidagi savoliga Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov dizayn-kod va peshlavhalar bo‘yicha kelishilgan talablar bo‘yicha qayta joylashtirish kerakligini ta’kidladi.
U, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan dizayn-kod bo‘yicha tashviqotlar, avvalo Sergeli va Shayhontohur tumanlarida olib borilishi va tartibga olishini haqida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, VAQT.UZ avvalroq Sergeli tumanidagi filial peshlavhasi hujjatlarsiz buzilgani, shuningdek, bino elektr energiyasi va internet tarmog‘idan uzilgani haqida xabar bergandi.
Shuningdek, murojaatda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan videotasvirlarni o‘chirish bilan bog‘liq holatlar ham qayd etilgan. Biznes-ombudsman mazkur vaziyat yuzasidan o‘rganish ishlari davom etayotganini bildirgan.





