Viza mashaqqati, urush va osmondagi narxlar: 2026 yilgi mundialning ko‘rinmas inqirozi
Viza uchun yuqori to‘lovlar, arizalarning tez-tez rad etilishi, Amerikaning sovuq munosabati va urush — bularning bari muxlislarning hafsalasini pir qilmoqda.
© getty imagesO‘tgan yilning mart oyida Eron FIFA Jahon chempionatiga yo‘llanma olganida, milliy terma jamoa o‘z ishtiroki mezbon Qo‘shma Shtatlarning viza berishiga — masala so‘nggi lahzalarda hal etilishiga bog‘liq bo‘lib qolishini kutmagan edi.
«Tim Melli»ni (Eron terma jamoasini) qo‘llab-quvvatlashga oshiqqan eronlik muxlislar ham AQSH ularning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘yishini xayoliga ham keltirmagandi. Prezident Donald Tramp o‘tgan yilning iyun oyida bir nechta davlatlarga, xususan, AQSH tomonidan «terrorizm homiysi» deb topilgan Eronga viza berishni to‘xtatish haqidagi farmonni imzoladi.
Eronliklar uchun eng kutilmagan zarba esa — dunyodagi eng yirik sport bayrami mezbonining musobaqa boshlanishiga sanoqli oylar qolganda ularning vataniga qarshi urush ochishi bo‘ldi.
Amir Galenoi shogirdlari uchun AQSH va Isroilning hamkorlikdagi harbiy harakatlari shunchaki Jahon chempionatiga tayyorgarlik rejalarini barbod qilishdan ko‘ra dahshatliroq edi. Raketa zarbalari oqibatida mamlakat bo‘ylab minglab odamlarning halok bo‘lishi mazkur fojiani har bir futbolchining shaxsiy dardiga aylantirdi.
AQSH terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazadigan va qator mahalliy o‘yinlarga mezbonlik qiluvchi «Ozodiy» stadionini bombardimon qildi. Urush boshlangan kuni Minabdagi maktabga AQSH tomonidan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan o‘quvchilar xotirasiga terma jamoa a’zolari maydonga qo‘llarida kichkina maktab sumkalarini tutib chiqishdi.
AQSH va Eron o‘rtasidagi bir necha oylik siyosiy ziddiyat va tortishuvlardan so‘ng (buning natijasida jamoa o‘z bazasini Meksikaga ko‘chirishga majbur bo‘ldi), Eron milliy terma jamoasi urush soyasi ostida maydonga tushishiga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu ham AQSH ularga o‘z vaqtida viza bergan taqdirdagina yuz beradi.
Eronlik muxlislar uchun viza muammolari va urush bo‘lmagan taqdirda ham AQSHga borish «deyarli ilojsiz» vazifa edi. O‘zaro rasmiy diplomatik aloqalari uzilgan bu ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport qatnovi yo‘q.
«Viza masalasidan tashqari, Tehrondan AQSHga yetib olish uchun ikki-uch marta samolyot almashtirishga to‘g‘ri keladi», — deydi Ali ismli muxlis «Al Jazeera» nashriga.
«AQSHdan Eronga qaytishning o‘zi ham katta bosh og‘rig‘i, sababi Eron hukumati tomonidan hibsga olinish xavfi bor», — deya qo‘shimcha qildi u.
Urush Eron ichkarisidagi aksilmilliy kayfiyatdagi shaxslarga nisbatan nazoratni keskin kuchaytirib yubordi va bu Isroil yoki AQSH foydasiga josuslikda ayblanib hibsga olinganlarning qatl etilishiga olib kelmoqda.
Siyosiy oqibatlar sport sohasini ham chetlab o‘tmadi. Eronning yetakchi futbolchisi Sardor Azmun ijtimoiy tarmoqlarda Dubay amiri Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan tushgan suratini joylagani sababli, o‘tgan mart oyida hukumatga sadoqatsizlikda ayblanib, milliy terma jamoadan chetlatilgan edi. Birlashgan Arab Amirliklari va Eron o‘rtasidagi munosabatlar urush davrida yanada keskinlashdi. Eron Amirliklarga bir necha bor zarba berib, ularni Amerika Qo‘shma Shtatlariga Eron hududiga hujum qilish maqsadida o‘z yerlaridan foydalanishga ruxsat berganlikda aybladi.
AQSHning Eronga qarshi yuzinchi kuniga yaqinlashib qolgan urushi butun dunyo muxlislarini ham Jahon chempionatiga borish fikridan qaytarmoqda.
«Futbol odamlarni birlashtira olish xususiyatiga ega bo‘lgani uchun ham go‘zal o‘yin deb ataladi. Biroq, maydondan tashqaridagi siyosat va urush kayfiyati fonida bu sehrga ishonish juda qiyin. Ayniqsa, musobaqa mezbonlaridan biri bu voqealarning markazida bo‘lib turganda», — deydi janubiy afrikalik muxlis.
Bu kabi xavotirlar «Hyuman Rayts Votch» inson huquqlari tashkilotining hisobotlari ortidan yanada kuchaydi. Mazkur hisobotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Nyu-Jersi shtatida bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga farzandlari bilan tashrif buyurgan va boshpana so‘rab murojaat qilgan shaxs AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati tomonidan hibsga olinib, o‘z vataniga deportatsiya qilingan.
Vizalarning tobora ko‘proq rad etilishi muxlislarni cho‘chitmoqda
AQSH FIFA orqali chipta sotib olgan muxlislar uchun viza suhbatlarini tezlashtiradigan «PASS» (FIFA Priority Appointment Scheduling System) tizimini ishga tushirdi. Biroq bu tizim viza olishni kafolatlamaydi.
O‘tgan oyda Gananing 150 ga yaqin futbol muxlisidan iborat guruhining viza olish uchun topshirgan arizalari rad etildi.
32 yoshli Godvin Nii Arma shaxsiy sabablarga ko‘ra Jahon chempionatiga borish rejalarini bekor qilgan edi, biroq u o‘zi ham vatandoshlari kabi taqdirga duch kelishi mumkinligini yaxshi bilardi. Uning tan olishicha, «Qora yulduzlar»ni (Gana terma jamoasini) qo‘llab-quvvatlash uchun Toronto, Boston va Filadelfiyaga sayohat qilish — xalqaro aviachiptalar va viza to‘lovlaridan tashqari — katta xarajat talab qiluvchi logistik bosh og‘rig‘iga aylanadi.
Gana fuqarolari AQSH vizasi uchun 185 dollar, Kanada vizasi uchun esa 100 Kanada dollari (71 AQSH dollari) to‘lashlari kerak. Bu ikki mablag‘ qo‘shilganda, Ganadagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik daromadga teng bo‘ladi.
Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan 48 ta davlatning 27 tasidan keladigan muxlislarga AQSH vizasi talab qilinadi. Bu viza narxi 185 dollardan 435 dollargacha boradi. Bu mablag‘ Global Janubning ko‘plab mamlakatlaridagi oddiy aholining bir necha oylik maoshiga teng. Viza masalasida Kanada biroz qulayroq, Meksika esa Jahon chempionati mezbonlari orasida eng ochiq mamlakat bo‘lib qolmoqda.





