«Ipoteka bank»ning yangi boshqaruv raisi ma’lum bo‘ldi
Adam Sentpeteri «Ipoteka bank» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Avvalroq bankni 2024-yildan beri boshqargan Sandro Rtveladze lavozimini tark etgandi.

«Ipoteka bank» aksiyadorlarining qaroriga ko‘ra, Adam Sentpeteri «Ipoteka bank» boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida ma’lum qilindi.
Avvalroq bank matbuot xizmati 2026-yil 1-iyuldan boshlab Sandro Rtveladze «Ipoteka bank» OTP Group boshqaruv raisi sifatida faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qilgandi.
Rtveladze «Ipoteka bank» boshqaruv raisi sifatida 2024-yil iyun oyidan beri ishlab kelayotgan edi. U bank xususiylashtirilgach, ikki yillik transformatsiya jarayonida ishtirok etdi.
OTP Bank «Ipoteka bank»ning 75 foizini 2023-yilda 243 mln dollarga sotib olgandi. O‘shanda bankning qolgan 25 foizi uch yil ichida bo‘lib to‘lash orqali sotib olinishi aytilgandi.
Rasmiy e’londa Sandro Rtveladze bilan birgalikda bankning kuzatuv kengashi mustaqil a’zosi Tatyana Dogan ham lavozimidan ketgani ko‘rsatilgan.
«Ipoteka bank»da vaqtinchalik boshqaruv raisi sifatida endilikda Adam Sentpeteri faoliyat olib boradi.
2023-yil iyul oyidan buyon u bankning Strategiya va moliya bloki rahbari hamda boshqaruv raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
Adam Sentpeteri o‘zi kim?
Bankning rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Adam Sentpeteri 1972-yilda tug‘ilgan. U 1996-yilda Korvinus iqtisodiyot universitetida moliya va axborot menejmenti bo‘yicha magistrlik, 1997-yilda ELTE universitetida huquq magistri (LLM), 2007-yilda esa Markaziy Yevropa universitetida (CEU) PhD darajasini olgan.
Faoliyati davomida ELTE universitetida dotsent sifatida ishlagan, shuningdek, CEU, Korvinus va ELTE universitetlarida ekonometrika, operatsion tadqiqotlar, biznes huquqi hamda huquq va iqtisodiyot fanlaridan dars bergan.
U OTP Group'ga 2005-yilda makroiqtisodiy tahlilchi sifatida qo‘shilgan. Keyingi yillarda guruh tarkibida chakana biznes, strategiya va moliyaviy nazorat yo‘nalishlarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, OTP Bank Ukraine kuzatuv kengashi va OTP Bank Russia direktorlar kengashi a’zosi bo‘lgan.
2022-yil avgustidan 2023-yil iyunigacha OTP Bank Albania'da moliya direktori (CFO) va direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.
2023-yil iyul oyida «Ipoteka bank»ka OTP Group'dan boshqaruv raisi o‘rinbosari, Strategiya va moliya bloki rahbari sifatida ishga kelgan. 2023-yil sentabridan buyon bankning transformatsiya dasturi uchun ham mas’ul hisoblanadi.





