Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qonunni kuchaytirmoqda
Unga ko‘ra, qoidabuzarlarga solinadigan jarimalar miqdori ikki barobarga oshiriladi.
© yahoo.comAvstraliya hukumati dushanba kuni 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga qo‘yilgan taqiqni kuchaytirish hamda internet nazorati organiga (eSafety) yirik texnologik kompaniyalarni qoidabuzarlik uchun sudga ta’qib qilishda ko‘proq vakolatlar taqdim etish maqsadida parlamentga yangi qonun loyihasini kiritdi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.
Mazkur qaror dunyoda birinchi bo‘lib joriy etilgan va dekabr oyida kuchga kirgan cheklovlarga qaramay, oradan olti oy o‘tib bolalar hamon platformalarga kira olayotgani haqidagi dalillar ortidan qabul qilindi. Bosh vazir Entoni Albanezening ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda hamon bolalar juda ko‘p va texnologik kompaniyalar taqiqqa rioya qilish uchun yetarlicha harakat qilmayapti.
Shanba kuni e’lon qilingan o‘zgarishlarga muvofiq, qoidabuzarlik uchun eng yuqori jarima miqdori ikki barobarga oshirilib, 49,5 million Avstraliya dollaridan 99 million dollarga (68,2 million AQSH dollari) yetkaziladi. Avstraliyaning bu boradagi harakatlarini o‘zlarida shunday qonunlarni ishlab chiqqan yoki qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘nlab mamlakatlar yaqindan kuzatib bormoqda.
«Iflos o‘yinlar» va tekshiruvlar
Ayni paytda Avstraliya internet nazorati organi (eSafety) beshta platforma – «Meta»ning «Facebook» va «Instagram» tarmoqlari, «Snapchat», «TikTok» hamda «Google»ning «YouTube» xizmatlari tomonidan qoidalarning ehtimoliy buzilishini tekshirmoqda.
Aloqa vaziri Anika Uellsga ko‘ra, yangi qonun eSafety komissariga kompaniyalarning ichki yozishmalari va boshqaruv kengashi bayonnomalarini talab qilish vakolatini beradi va bu kompaniyalarga qarshi ochiladigan yuridik ishlarning imkon qadar kuchli bo‘lishini ta’minlaydi. Qonun loyihasini parlamentga kiritar ekan, Uells firmalarni taqiqqa qasddan amal qilmaslikda va uni chetlab o‘tish uchun «iflos o‘yinlar» ishlatishda aybladi. U Avstraliyada biznes qilmoqchi bo‘lgan kompaniyalar mahalliy qonunlarga bo‘ysunishi shartligini ta’kidladi.
Yangi qonun kuchga kirishi uchun parlament tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi. Bosh vazir Albaneze muxolifatdagi Koalitsiyani ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, dastlabki qonun ham ikki partiya tomonidan ma’qullanganini eslatib o‘tdi.
Sidneylik fuqaro Bill Rayt hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha bu qadamini qo‘llab-quvvatlashini, ammo belgilanayotgan jarimalar miqdori baribir yetarli bo‘lmasligi mumkinligini bildirgan. «Meta», «Google» va «Snapchat» hozircha bu borada izoh bermadi, «TikTok» esa izoh berishdan bosh tortgan.
